Navoiydagi konda 2 ishchi halok bo‘ldi

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining «Pistali» konida avtomobil shinasi bilan bog‘liq baxtsiz hodisa oqibatida ikki ishchi halok bo‘ldi. Hodisa 10-sentabr kuni «Qizilqum» kon boshqarmasining 1-transport sexida yuz bergan. Bu haqda NKMK matbuot xizmati xabar berdi.
Hodisa shinomontaj vaqtida yuz bergan
Ma’lum qilinishicha, baxtsiz hodisa soat 15:00 atrofida avtomobil shinalari saqlanadigan maydonda sodir bo‘lgan.
Ishchilar quvur tashuvchi avtomashinaning tirkamasida shinomontaj ishlarini bajarayotgan vaqtida shina portlagan. Hodisa oqibatida ikki nafar ishchi-xodim vafot etgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda voqea yuzasidan turli xabarlar tarqalgan. NKMK holatni rasman tasdiqlab, hodisa sabablarini aniqlash bo‘yicha tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.
Hodisa yuzasidan tekshiruv boshlandi
Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Bundan tashqari, tegishli davlat nazorat tashkilotlari tomonidan maxsus tekshiruv tashkil etilgan. Unda baxtsiz hodisa qanday sharoitda yuz bergani va bunga sabab bo‘lgan omillar o‘rganilmoqda.
NKMKning mas’ul xizmatlari tomonidan kelgusida shunga o‘xshash baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilayotgani bildirildi.
Kombinat matbuot xizmati halok bo‘lgan ishchilarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Avvalroq Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatini aniqlash bo‘yicha tungi reyd vaqtida Ekologiya qo‘mitasi inspektori Mirzo Botirov halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.