Oliy ma’lumotlilar uchun kasbiy qayta tayyorlash tartibi belgilandi

O‘zbekistonda oliy ma’lumotga ega shaxslarni texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlashning yangi tartibi tasdiqlandi, deya ma’lum qildi Adliya vazirligi.
Kurslar har yili reja asosida tashkil etiladi
Nizomga ko‘ra, qayta tayyorlash kurslari O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti tomonidan tashkil qilinadi.
Kurslar har yil boshida ishlab chiqilib, tasdiqlanadigan reja-jadval asosida o‘tkaziladi.
Qayta tayyorlash kursida o‘qishni istagan shaxs Institutning rasmiy veb-sayti yoki Edu.tris.uz platformasi orqali onlayn ariza topshirishi mumkin. Shuningdek, Institutga bevosita yozma murojaat qilish imkoniyati ham mavjud.
Arizaga qanday hujjatlar ilova qilinadi
Ariza bilan birga belgilangan shakldagi anketa va ish joyidan tavsifnoma taqdim etilishi kerak.
Agar talabgor xorijiy davlatda ta’lim olgan bo‘lsa, xorijda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjat nusxasi hamda uning O‘zbekistonda tan olingani yoki ekvivalentligi qayd etilgan guvohnoma nusxasi ham ilova qilinadi.
Arizalar ikki kun ichida ko‘rib chiqiladi. Shundan so‘ng talabgor bilan qonunchilikda belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtiriladi.
An’anaviy va masofaviy shaklda o‘qish mumkin
Institutda qayta tayyorlash kurslari tinglovchining asosiy ish joyidan ajralgan yoki ajralmagan holda tashkil etilishi mumkin.
Ta’lim an’anaviy yoki masofaviy shaklda olib boriladi. Oliy ma’lumotli mutaxassislar o‘z ish faoliyatini davom ettirgan holda ham texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya yo‘nalishlarida qayta tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq IIV akademiyasiga qabul qilish tartibi o‘zgarishi haqida yozgan edi.