Olmazorda 75 ming talaba uchun yangi tizim yaratiladi

eʼlon qilindi
Yaxlit boshqaruv tizimi joriy etiladi
Foto: prezident matbuot xizmati

Toshkent shahrining Olmazor tumanida bir vaqtning o‘zida 75 ming nafar talaba tahsil olayotgani hisobga olinib, ularning ta’limi, bandligi, yashash sharoiti va xavfsizligini qamrab oluvchi yaxlit boshqaruv tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Talabalar uchun alohida boshqaruv tizimi yaratiladi

«Yoshlik» shaharchasi hokimligi tizimida talabalarning ta’lim-tarbiyasi, bandligi, ijtimoiy ta’minoti va xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi alohida mas’ullar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Tumandagi 7 ta oliygohga qarashli 41 ta talabalar yotoqxonasida qariyb 18 ming nafar yosh istiqomat qiladi. Ularning yashash sharoitini yaxshilash, yotoqxonalar atrofini obod saqlash, yashil hududlar va «buk-kafe»larni ko‘paytirish hamda madaniy tadbirlarni muntazam tashkil etish uchun alohida Direksiya tuziladi.

Talabalar shaharchasidagi Vaziyatlar markazi orqali oliygoh va yotoqxonalarga kirib-chiqish hamda davomatni onlayn nazorat qilish amaliyoti boshqa tumanlarga ham kengaytiriladi. Ushbu tizimni yil yakunigacha Toshkentning boshqa tumanlariga, 2027-yilda esa mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalariga joriy etish rejalashtirilgan.

Olmazorda 5 mingga yaqin ishchilar kuchiga ehtiyoj bor

Tumandagi ish beruvchilarga hozirda 4 mingdan ziyod o‘rta maxsus ma’lumotli hamda qariyb 1 ming nafar maxsus ma’lumot talab etilmaydigan yo‘nalishlarda ishchi kuchi kerak.

Shu sababli Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida axborot texnologiyalari va ilg‘or innovatsiyalar bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum tashkil etiladi. Sobiq Toshkent arxitektura-qurilish kolleji binosida esa zamonaviy kasb-hunar markazi ochiladi.

Xorijiy mehnat bozoriga chiqish uchun ham maqsadli kadrlar tayyorlanadi. Germaniyaning xususiy o‘quv markazlari bilan 500 kishilik nemis tili kurslari tashkil etiladi, Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlari tayyorlanadi.

Bundan tashqari, Germaniya, Yaponiya, Koreya va Buyuk Britaniyadan 20 ta yirik rekruting kompaniyasini jalb qilish hamda Fransiya kompaniyalari bilan yiliga 1,5 ming nafar fuqaroni mavsumiy ishlarga joylashtirish rejalashtirilgan.

Yoshlar shaharchasida innovatsion klaster tashkil etiladi

«Yoshlik» shaharchasida 42 gektar maydonda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim obyektlarini birlashtiruvchi innovatsion klaster tashkil etish ishlarini yil yakunigacha boshlash topshirildi.

Avvalroq Toshkent shahridagi 100 ta ko‘chani kompleks yangilash uchun 1 trln so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek