Rossiyadan 100 mingga yaqin migrantlar quvildi

Rossiyada so‘nggi 1,5 yil ichida migratsiya qonunchiligini buzgan qariyb 100 ming nafar xorijlik mamlakatdan chiqarib yuborildi. Ularning 75 ming nafari majburiy tartibda deportatsiya qilingan. Yana 197 ming xorijlikning Rossiyaga kirishi cheklangan. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.
800 ming xorijlik migratsiya qonunchiligini buzgan
Rossiya IIV rahbari o‘rinbosari, fuqarolik va xorijiy fuqarolarni ro‘yxatga olish xizmati boshlig‘i Andrey Kikotning aytishicha, so‘nggi 1,5 yil davomida mamlakatda 800 ming nafar xorijlik migratsiya qonunchiligini buzgan.
Ularning barchasi nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu shaxslar bo‘yicha qidiruv va boshqa nazorat tadbirlarini olib bormoqda.
197 ming xorijlikka Rossiyaga kirish taqiqlandi
Migratsiya xizmati tomonidan olib borilgan profilaktik ishlar natijasida qonunchilikni buzgan 197 ming nafar xorijlik fuqarolarga Rossiyaga kirishi eshiklari yopilgan.
IIV, shuningdek, xorijliklar tomonidan migratsiya maqomini rasmiylashtirishda taqdim etiladigan hujjatlarni tekshirishni kuchaytirgan.
Natijada soxta hujjatlar va ataylab yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish holatlari avvalgiga nisbatan 10 baravar ko‘p aniqlangan.
20 mingta yashash ruxsati bekor qilingan
Rossiya migratsiya xizmatlari xorijliklar o‘rtasidagi soxta nikoh va oilaviy munosabatlarni aniqlash bo‘yicha tekshiruvlarni ham kuchaytirgan.
Kikotning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarni aniqlash ko‘rsatkichi 20 foizga oshgan. Tekshiruvlar natijasida 20 mingga yaqin vaqtinchalik yashash ruxsati va yashash guvohnomasi bekor qilingan.
Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, chiqarib yuborish holatlari soni avvalgi davrga nisbatan 2,6 baravarga oshgan.
Avvalroq 2026-yilning yanvar – iyun oylarida 1 649 nafar xorijlik doimiy yashash maqsadida O‘zbekistonga ko‘chib kelgani haqida xabar berilgandi.