Shovqin qilganlar 8,8 mln so‘mgacha jarima to‘laydi

O‘zbekistonda fuqarolarning osoyishtaligini buzadigan ortiqcha shovqin uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Yangi tartibda ayrim qoidabuzarliklar uchun mansabdor shaxslarga 8,8 mln so‘mgacha jarima qo‘llanishi mumkin. Bu haqda 9-sentabr kuni imzolangan «Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunda belgilangan.
Tungi vaqtda shovqin qilishga cheklov kuchaytiriladi
Yangi qonun bilan maishiy shovqinga qarshi talablarni buzganlik uchun jarimalar sezilarli darajada oshiriladi. Bunga baland ovozda musiqa qo‘yish, qo‘shiq aytish, tovush signallaridan foydalanish, turarjoylarda ovozi baland apparaturalarni ishlatish hamda zaruratsiz shovqinli ishlarni bajarish kabi holatlar kiradi.
Qoidabuzarlar qancha jarima to‘laydi
Birinchi marta qoidani buzgan fuqarolarga BHMning 3 – 5 baravari, ya’ni 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima solinadi. Mansabdor shaxslar uchun jarima 4,4 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha etadi.
Agar qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, fuqarolar 2,2 mln so‘mdan 3,08 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin. Mansabdor shaxslar uchun esa jarima 6,6 mln so‘mdan 8,8 mln so‘mgacha oshiriladi.
Shuningdek, transport vositalarining belgilangan shovqin me’yoridan ortiq ovoz chiqarishi ham javobgarlikka sabab bo‘ladi. Bunday holat uchun BHMning bir baravari – 440 ming so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Qonunda shovqin bilan bog‘liq vaqt chegaralari ham aniq ko‘rsatilgan. Ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha belgilangan me’yordan ortiq shovqin qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Cheklovlar faqat xonadonlardagi shovqinga taalluqli emas. Qurilish ishlari, ishlab chiqarish uskunalari, transport harakati, ommaviy tadbirlar, savdo va ko‘ngilochar obyektlar hamda pirotexnika vositalaridan foydalanish natijasidagi ortiqcha shovqin ham tartibga solinadi.
Me’yorni muntazam ravishda buzib kelayotgan obyektlar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilishi mumkin. Vakolatli davlat organlari bunday obyekt faoliyatini 10 ish kunigacha to‘xtatish huquqiga ega. Uzoqroq muddatga to‘xtatish esa sud orqali amalga oshiriladi.
Yangi tartib 2026-yil 11-dekabrdan kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklari haftasiga bir marta tozalanishi haqida yozgan edi.