Tunda shovqin qilganlar kompensatsiya to‘lashi mumkin

eʼlon qilindi
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi
Tunda shovqin qilganlar kompensatsiya to‘lashi mumkin
Foto: SI

O‘zbekistonda aholini shovqin va uning zararli ta’siridan himoya qilishga qaratilgan yangi talablar belgilanmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunga ko‘ra, insonni sezilarli darajada bezovta qilmaydigan, organizmning funksional tizimlari hamda shovqinga sezgir a’zolarida jiddiy o‘zgarishlarga olib kelmaydigan shovqin miqdori yo‘l qo‘yiladigan daraja hisoblanadi. Uning aniq me’yorlari sanitariya qoidalari va normalari bilan belgilanadi.

Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bo‘ladi.

Tunda ortiqcha shovqin chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi

Qonunda fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan shovqin turlari ham belgilangan. Ular orasida turar joylarda maishiy va uy-ro‘zg‘or faoliyati natijasida yuzaga keladigan shovqin, qurilish maydonlaridagi ishlar, qurilish texnikasi va transport vositalaridan chiqadigan tovushlar, shuningdek, turli transport vositalarining ishlashi va harakatlanishi bilan bog‘liq shovqinlar bor.

Yangi tartibga muvofiq, ish kunlari soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha belgilangan me’yordan yuqori shovqin chiqarib, fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shovqinning zararli ta’siri oqibatida fuqaroga zarar yetkazilgan taqdirda, sud orqali kompensatsiya undirish imkoniyati ham nazarda tutilgan. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklari haftasiga bir marta tozalanishi haqida yozgan edi.

Shuningdek