Yunus Rajabiy uy-muzeyi sakkiz oydan ko‘proq vaqtga yopiladi

Yunus Rajabiy uy-muzeyi 2026-yil 14-sentabrdan 2027-yil 30-mayga qadar tashrif buyuruvchilar uchun vaqtincha yopiladi, deya xabar berdi Madaniy meros agentligi. Bu davrda muzey ashyolari va kolleksiyalari xatlovdan o‘tkazilib, binoda ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida muzey binosi ta’mirlanadi va tiklanadi. Shuningdek, isitish va sovitish tizimlari to‘liq modernizatsiya qilinadi.
Ekspozitsiya yangilanadi
Ta’mirlash jarayonida zamonaviy muzey talablariga mos yangi ekspozitsiya shakllantiriladi.
Bundan tashqari, muzey infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda 114 ta davlat muzeyiga kirish tekin bo‘ldi
Belgilangan ishlar yakunlangach, Yunus Rajabiy uy-muzeyi yana tashrif buyuruvchilar uchun faoliyatini tiklaydi. Rejaga ko‘ra, muzey 2027-yil 30-maydan keyin qayta ishlay boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi ikki muzeyda 500 dan ortiq eksponatlar yo‘qolgani aniqlangandi. Xatlov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Qo‘qon» davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan, G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida 500 ga yaqin, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa 16 ta fond eksponati joyida mavjud emasligi qayd etilgan.