AQShda dizel narxi tarixda ilk bor 6 dollardan oshdi

eʼlon qilindi
Bir yil avval mazkur ko‘rsatkich $3,71 atrofida boʻlgan
Foto: Depositphotos.com

AQShda dizel yonilgʻisining oʻrtacha narxi tarixda birinchi marta bir gallon uchun $6 dan oshdi. Amerika avtomobil assotsiatsiyasi (AAA) ma’lumotiga koʻra, 11-sentabr holatida mamlakat boʻyicha dizelning oʻrtacha narxi $6,0556 ni tashkil etdi. Bir yil avval bu koʻrsatkich $3,71 atrofida boʻlgan.

Narxlarning keskin oshishiga Yaqin Sharqdagi keskinlik, neftning qimmatlashuvi va jahon bozorida dizel taklifining qisqarishi ta’sir qilmoqda. Oninvest ma’lumotiga koʻra, AQShda yuk mashinalari haydovchilari va fermerlar yonilgʻi uchun bir yil avvalgidan qariyb 63% koʻproq xarajat qilmoqda.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda yetti oyda qancha benzin ishlab chiqarildi.

Kaliforniyada narx $8 ga yaqinlashdi

AQSh boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich $6 dan oshgan boʻlsa, ayrim hududlarda dizel bundan ham qimmatlashgan. Kaliforniyada bir gallon dizel narxi qariyb $8 ga yetgan.

Narxlar juda tez oʻsmoqda. AAA ma’lumotiga koʻra, bir hafta avval mamlakat boʻyicha dizelning oʻrtacha qiymati $5,85, bir oy avval esa $5,32 boʻlgan. 11-sentabrdagi $6,0556 koʻrsatkichi AQSh boʻyicha yangi tarixiy rekord sifatida qayd etilgan.

Neft yana $100 dan oshdi

Dizelning qimmatlashishi xalqaro neft bozoridagi vaziyat bilan ham bogʻliq. Oninvest yozishicha, Yaqin Sharqdagi harbiy keskinlik ortidan AQSh nefti fyucherslari may oyidan beri ilk bor bir barrel uchun $100 dan oshgan, Brent esa $108 atrofida savdolashgan.

AAA ham Hormuz boʻgʻozidagi beqarorlik neft narxlarini $100 diapazoniga qaytarganini qayd etdi. Bu fon nafaqat dizel, balki benzin narxlariga ham bosim oʻtkazmoqda.

Rossiyadagi eksport cheklovi ham bozorga ta’sir qilmoqda

Rossiyaning avgustdan dizel eksportini cheklashi jahon bozoridagi vaziyatni yanada murakkablashtirgan. Nashr keltirgan baholarga koʻra, global bozor dizel taklifining qariyb 8 foizidan ayrilgan, mavjud neftni qayta ishlash quvvatlari esa bu yetishmovchilikni tezda qoplay olmayapti.

Dizel qimmatlashuvi inflyatsiyaga bosim qiladi

Dizel AQSh iqtisodiyotida yuk avtomobillari, poyezdlar, kemalar va qishloq xoʻjaligi texnikasida keng qoʻllanadi. Shu sabab uning qimmatlashuvi transport va logistika xarajatlarini oshirib, keyinchalik oziq-ovqat, tovarlar va boshqa xizmatlar narxiga oʻtishi mumkin.

Oxford Economics tahlilchisi Jon Kanavan yuqori yonilgʻi narxlari inflyatsion xavflarni kuchaytirishi va AQSh Federal rezerv tizimiga foiz stavkalarini yuqoriroq darajada saqlash yoki oshirish uchun qoʻshimcha bosim yaratishi mumkinligini ta’kidlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OPEK+ davlatlari oktabr uchun neft qazib olish kvotalarini oʻzgartirmagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek