Qirgʻizistonda teatr va muzeyga borish yoshlar uchun majburiy boʻlishi mumkin

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tegishli tashabbus prezident farmoni loyihasiga kiritilib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan
Foto: depositphotos.com

Qirgʻizistonda maktab oʻquvchilari va talabalar uchun teatr, konsert va muzeylarga muntazam tashrif buyurishni majburiy qilish taklif etilmoqda. Tegishli tashabbus prezident farmoni loyihasiga kiritilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.

Qirgʻiziston Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirligi bunday tashabbusni soʻnggi ikki-uch yildan beri ilgari surib kelmoqda. Vazirlik buni yoshlarning internet va kompyuter oʻyinlariga koʻproq vaqt ajratayotgani, ularni san’at va madaniyatga faolroq jalb qilish zarurati bilan izohlagan.

Har bir yosh yiliga toʻrtta madaniy tadbirga boradi

Taklifga koʻra, har bir maktab oʻquvchisi va talaba yil davomida ikki marta teatr yoki konsertga, yana ikki marta muzeyga tashrif buyurishi kerak boʻladi. Shunday qilib, bir kishi uchun yiliga jami toʻrtta madaniy tadbir koʻzda tutilmoqda.

Dastur drama spektakllari bilan cheklanmaydi. Unda muzeylar, qoʻgʻirchoq teatrlari, musiqa, opera, balet va sirk yoʻnalishlaridagi tadbirlar ham nazarda tutilgan.

Dastur 1,8 mln kishini qamrab olishi mumkin

Hisob-kitoblarga koʻra, dastur jami 1 mln 821 ming 633 kishini qamrab oladi. Shundan 1 mln 536 ming 633 nafari maktab oʻquvchilari, 187 ming nafari oliy ta’lim muassasalari, yana 98 ming nafari oʻrta maxsus ta’lim muassasalari talabalari boʻladi.

Bir kishining yil davomida teatr yoki filarmoniyaga ikki marta borishi uchun 600 som, muzeyga ikki marta tashrif buyurishi uchun esa 200 som ajratish rejalashtirilgan. Shu tariqa bir oʻquvchi yoki talaba uchun yillik xarajat 800 somni, dasturning umumiy qiymati esa qariyb 1,46 mlrd somni tashkil qilishi mumkin.

Tashriflar hisobga olinadi

Dasturni moliyalashtirishni Qirgʻizistonning ta’lim hamda fan va oliy ta’limga mas’ul vazirliklari orqali amalga oshirish taklif qilingan. Oʻquvchi va talabalarning tashriflari maxsus roʻyxatlar asosida hisobga olinishi rejalashtirilmoqda.

Mablagʻlar teatr, filarmoniya va muzeylarning hisob raqamlariga yoki raqamli tizim orqali bevosita oʻquvchi va talabalarga oʻtkazilishi mumkin. Tashabbus mualliflari bu tizim yoshlarning madaniyatga qiziqishini oshirish bilan birga, mamlakatdagi kreativ iqtisodiyot rivojiga ham yordam berishini kutmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qirgʻizistonda raqamli som 2027-yildan muomalaga kirishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek