Sindarov va Abdusattorov Osiyoning eng kuchli ikki shaxmatchisiga aylandi

Oʻzbekistonlik grossmeysterlar Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov Osiyo shaxmat federatsiyasining sentabr oyi uchun yangilangan erkaklar reytingida mos ravishda birinchi va ikkinchi oʻrinni egalladi. Oʻzbekiston tarixida ilk bor ikki vakil bir vaqtning oʻzida qit’a reytingining eng yuqori ikki pogʻonasidan joy oldi.
Sindarov Osiyoning birinchi raqamli shaxmatchisiga aylandi
20 yoshli Javohir Sindarov klassik shaxmatda 2 778 reyting ochkosi bilan Osiyo reytingini boshqarmoqda. 21 yoshli Nodirbek Abdusattorov esa 2 762 ochko bilan ikkinchi oʻrinda bormoqda.
Oʻzbekistonlik shaxmatchilar hindistonlik Rameshbabu Praggnaanandha va Arjun Erigaisi, shuningdek, xitoylik Vey Ini ortda qoldirdi. Sindarovning rapid reytingi 2 732, blitsdagi koʻrsatkichi esa 2 725 ochkoni tashkil etadi. Abdusattorovning blits reytingi 2818 ochkoga teng.
Shuningdek, o‘qing: Sindarov Karlsenga imkoniyatni boy berdi, jamoasi ham yutqazdi
Sindarov jahon chempionligi uchun ham kurashadi
Javohir Sindarov 2026-yilda Kiprda oʻtkazilgan FIDE «Da’vogarlar turniri»da gʻolib chiqib, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommarajuga qarshi shaxmat toji uchun kurashish huquqini qoʻlga kiritgan.
Sindarov va Gukesh oʻrtasidagi jahon chempionligi bahsi 24-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan norvegiyalik taniqli grossmeyster Magnus Karlsen O‘zbekiston vakili Javohir Sindarov va amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘rtasidagi jahon chempionligi bahsiga munosabat bildirgani haqida xabar bergan edi.