Zo‘ravonlik qilgan pedagoglar ta’limdan bir yilga chetlashtiriladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Aybdor shaxsga 1 BHMdan 5 BHMgacha miqdorda jarima solinadi
Foto: depositphotos.com

Oʻzbekistonda ta’lim tashkilotlarida voyaga yetmagan bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan pedagog va tarbiyachilar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda 11-sentabr kuni qabul qilingan qonunda nazarda tutilgan.

Jarima 5 BHMgacha yetishi mumkin

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, ta’lim tashkilotida voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan shaxs bolaga nisbatan jismoniy zoʻravonlik qilsa, uni kamsitsa yoki xoʻrlasa, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Agar ushbu harakatlarda jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik alomatlari boʻlmasa, aybdor shaxsga 1 BHMdan 5 BHMgacha miqdorda jarima solinadi.

Pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish cheklanadi

Voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy yoki ruhiy zoʻravonlik bilan bogʻliq huquqbuzarlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslar bir yil davomida ayrim taʼlim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.

Shuningdek, o‘qing: Oliy malaka toifasiga ega pedagoglar uchun maqsadli magistraturaga qabul boshlandi

Bu cheklov maktabgacha, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, professional hamda bolalar uchun qoʻshimcha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etiladi.

Aliment boʻyicha ham yangi qoida belgilandi

Qonunda davlat yoki nodavlat muassasasining toʻliq ta’minotida boʻlgan voyaga yetmagan bola uchun aliment toʻlashi shart boʻlgan ota yoki onani aliment toʻlashdan ozod etishga yoʻl qoʻyilmasligi ham belgilandi.

Shuningdek, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bola foydasiga undiriladigan aliment miqdorini kamaytirish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqishda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari jalb etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan pedagoglar uchun attestatsiya va sertifikat sinovlari to‘lovi 50 foizga kamaytirilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek