Toshkentda 683 ming dollarlik kriptoaktivlar noqonuniy aylantirilgani aniqlandi

Toshkentda 41 yoshli fuqaro litsenziyasiz ravishda 683 ming dollarlik kriptoaktivlarni o‘tkazish va ayirboshlash bilan shug‘ullangani aniqlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Fuqaro 700 ga yaqin kriptooperatsiya amalga oshirgan
1985-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, Toshkentda yashovchi fuqaro 2021 – 2025-yillar davomida mobil telefoni orqali xalqaro kriptobirjada akkaunt ochib, qariyb 700 ta kriptoaktiv oldi-sotdi operatsiyasini amalga oshirgan.
U mazkur faoliyatni O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan tartibda litsenziya olmasdan olib borgan.
Kriptoaktivlarning dastlabki qiymati 683 ming AQSH dollari, ya’ni 9 milliard so‘mdan ortiq deb baholangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Fuqaro Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 3-qismi «a» bandi – kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq moddasi bilan javobgarlikka tortilmoqda.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Bosh prokuratura huzuridagi departament narkotik va psixotrop moddalar hamda kriptoaktivlarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq yirik sxemani fosh etgandi.