Turkiy davlatlar o‘rtasida Turkpol tashkil etilishi taklif qilindi

eʼlon qilindi
Jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha
Foto: TRT Haber

Turkiy davlatlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Turkpol nomli tashkilot tuzilishi taklif qilindi. Tashabbus Interpol va Europol kabi hamkorlik mexanizmini yaratishni ko‘zda tutadi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Mustafa Chiftchi ma’lum qildi.

Turkpol qanday ishlaydi

Chiftchining so‘zlariga ko‘ra, Turkpol turk davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasida axborot almashinuvi va muvofiqlashtirishni kuchaytiruvchi ijro organi sifatida faoliyat yuritishi mumkin.

Tashabbus Qozog‘istonda o‘tkazilgan Turk davlatlari tashkiloti ichki ishlar vazirlarining 3-yig‘ilishida ilgari surilgan. Unda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ichki ishlar vazirlari ham qatnashgan.

Turkiya vazirining aytishicha, Turkpol tashkil etish taklifi yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan ijobiy qabul qilingan.

Jinoyatchilikka qarshi qo‘shma kengash tuziladi

Yig‘ilishda Turkiyaning Jinoyatchilikka qarshi kurashish kengashini tashkil etish taklifi ham qo‘shma bayonnomaga kiritilgan.

Mazkur kengash yangi avlod jinoiy guruhlari, terrorizm, giyohvandlik moddalari savdosi, noqonuniy migratsiya, noqonuniy qimor va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashda davlatlarning hamkorligini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Turkiya tomoni kengashning ta’sis bitimini kelasi oy Anqarada o‘tkaziladigan Turk davlatlari tashkiloti davlat rahbarlari sammitida imzolashni rejalashtirmoqda.

O‘zbekiston ham Turkpol loyihasida ishtirok etishi mumkin

Tashabbusni muhokama qilishda O‘zbekiston ham qatnashgan. Chiftchining aytishicha, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon vakillari Turkpol tashkil etish taklifini ijobiy baholagan.

Kengash ishga tushirilgach uning ijro organi sifatida Turkpolni shakllantirish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

Yangi tuzilma orqali turk davlatlari o‘rtasida jinoyatchilikka oid ma’lumotlarni tezkor almashish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish va qo‘shma operatsiyalar imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Fuqarolar uchun umumiy pasport nazorati ham muhokama qilindi

Yig‘ilishda turk davlatlari fuqarolarining shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan o‘zaro sayohat qilishi va aeroportlarda umumiy pasport nazorati punktlarini tashkil etish masalalari ham muhokama etilgan.

Turkiya ichki ishlar vazirining ta’kidlashicha, Qozog‘istondagi yig‘ilish kelasi oy Turkiyada bo‘lib o‘tadigan davlat rahbarlari sammitiga tayyorgarlik jarayonining muhim qismi bo‘lgan.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Turkiy davlatlar tashkilotini harbiy ittifoq yoki geosiyosiy blokka aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirgandi.

Shuningdek