Ayrim lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi

O‘zbekistonda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan ayrim lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garov ta’minotisiz kredit ajratishga ruxsat beriladi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilandi.
Yetakchi tadbirkorlarga qanday shartda kredit beriladi
Farmonga ko‘ra, tuman yoki shahar shtabi qarori asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarni kooperatsiyaga jalb qilgan lider tadbirkorlarga 5 mlrd so‘mgacha garovsiz kredit ajratilishi mumkin. Bunda kredit miqdori jalb qilingan har bir oila uchun 50 mln so‘m hisobidan shakllanadi.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligi dasturlari doirasidagi imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman va shahar shtablariga o‘tkaziladi.
Hududlarda maxsus shtablar ishlaydi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari rahbarligida barqaror ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha hududiy shtablar tashkil etilgan.
Tuman va shaharlar darajasida esa bunday shtablarga hokimlar rahbarlik qiladi. Ular kreditlash va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator qarorlarni qabul qiladi.
Kredit foizlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi
2026-yil 1-oktabrdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, shuningdek, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga tuman va shahar shtablari qarori asosida tijorat banklari kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi joriy etiladi.
Kompensatsiya «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ yoki belgilangan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
Shtablar mahalliy sharoit, loyihaning samaradorligi va ustuvor yo‘nalishlarni hisobga olgan holda kompensatsiya berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Ular ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi uchun ham mas’ul bo‘ladi.
Kompensatsiya uchun ayrim talablar qo‘yilmaydi
Tuman yoki shahar shtabining qarori kompensatsiya ajratish uchun asos bo‘ladi. Bunda tadbirkordan kredit tarixi, tadbirkor toifasi, barqarorlik reytingi yoki boshqa qo‘shimcha talablarni bajarish talab etilmaydi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlarining qonunchilikda belgilangan umumiy tartibda «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi»ga kompensatsiya olish uchun bevosita murojaat qilish huquqi saqlanib qoladi. Bir moliyalashtirish doirasida bir xil foiz xarajatlarini ikki marta kompensatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avvalroq tadbirkorga foydalana olmagan 7,2 gektar yeri uchun 772 mln so‘m qaytarilishi haqida xabar berilgan edi.