Banklarni sanatsiya qilishda baholash tartibi belgilandi

O‘zbekistonda banklarni sanatsiya qilish jarayonida baholash o‘tkazishning yangi tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Markaziy bank baholovchilar ro‘yxatini shakllantiradi
Yangi tartibga ko‘ra, Markaziy bank dastlabki tanlangan baholovchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantiradi. Tashkilotlarning ushbu ro‘yxatga kirish bo‘yicha murojaatlari ikki oy ichida ko‘rib chiqiladi.
Ro‘yxat kamida yiliga bir marta qayta ko‘rib chiqiladi.
Baholash bo‘yicha takliflar esa 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, tashkilotning tajribasi, imkoniyatlari, ishni bajarish muddati va xizmat haqi asosida eng maqbul variant tanlanadi.
Baholovchilarga alohida talablar qo‘yiladi
Hujjat bilan baholovchi tashkilotlarning mustaqilligi, malakasi, fuqarolik javobgarligi sug‘urtasi va axborot xavfsizligiga oid talablar ham belgilandi.
Shuningdek, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va boshqarish tartibi ham nazarda tutilgan.
Mazkur talablar nafaqat banklarga, balki bank guruhlari va bank aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi xolding kompaniyalariga ham tatbiq etiladi.
Aktiv va majburiyatlar baholanadi
Sanatsiya jarayonida bankning aktivlari, majburiyatlari va balansdan tashqari moddalari baholanadi.
Agar ayrim holatlar to‘liq baholash o‘tkazishga to‘sqinlik qilsa, Markaziy bank yoki u tayinlagan baholovchi dastlabki baholashni amalga oshirishi mumkin. Keyinchalik baholovchi tashkilot imkon qadar qisqa muddatda yakuniy baholashni o‘tkazadi.
Aksiyadorlar va kreditorlar zarari ham hisoblanadi
Sanatsiyadan keyin aksiyadorlar va kreditorlar amalda olgan qiymat bank majburiy tugatilgan taqdirda ular olishi mumkin bo‘lgan qiymat bilan taqqoslanadi.
Shu orqali sanatsiya natijasida ularning yo‘qotishlari majburiy tugatish holatiga nisbatan ko‘proq yoki kamroq bo‘lganligi aniqlanadi.
Baholash xarajatlari kim tomonidan qoplanadi
Agar bankning moliyaviy holati imkon bersa, baholash xarajatlari bankning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Aks holda xarajatlarni dastlab Markaziy bank moliyalashtiradi va keyinchalik ushbu mablag‘lar bankdan undiriladi.
Baholash yakunlari bo‘yicha hisobot Markaziy bankka taqdim etiladi. Uning qisqacha mazmuni esa jamoatchilik uchun e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri banklarda ehtimoliy yo‘qotishlar uchun zaxira shakllantirish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.