
Ruminiya futbol federatsiyasi (FRF) yoshlar o‘rtasidagi musobaqalarda muxlislar va ota-onalarning nomaqbul xatti-harakatlariga qarshi yangi tartib joriy qildi. Endilikda hakamlar tribunadagi tajovuzkor yoki bosim o‘tkazuvchi xatti-harakatlar davom etsa, o‘yinni butunlay to‘xtatish uchun qora kartochka ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda AS xabar berdi.
Qora kartochka nima uchun joriy qilindi
Yangi tartib 7 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi musobaqalarga tatbiq etiladi.
FRF bu qaror orqali bolalar o‘yinlari vaqtida ota-onalar va muxlislarning bosimi, haqorati hamda janjalli xatti-harakatlariga chek qo‘yishni maqsad qilgan.
Federatsiya «bolalar tribunadagi kattalarning ambitsiyasi, bosimi yoki noroziligi qurboniga aylanmasligi kerak», degan pozitsiyani ilgari surmoqda.
FRF ma’lumotiga ko‘ra, federatsiya 2024-yilda yoshlar futbolidagi nomaqbul xatti-harakatlar uchun 2 mingdan 4 ming yevrogacha jarima va 1 yildan 3 yilgacha litsenziyani to‘xtatish kabi jazolarni ham joriy qilgan.
Qora kartochka qanday ko‘rsatiladi
Yangi tartib uch bosqichdan iborat.
Birinchi bosqich — ogohlantirish. Hakam o‘yinni vaqtincha to‘xtatadi va murabbiylardan o‘z muxlislari yoki futbolchilarning ota-onalariga murojaat qilib, tartibsizlikni to‘xtatishni so‘rashni talab qiladi. Stadionda ovoz kuchaytirgich tizimi bo‘lsa, undan ham foydalaniladi.
Ikkinchi bosqich — 10 daqiqalik tanaffus. Nomaqbul xatti-harakat davom etsa, hakam uchrashuvni 10 daqiqaga to‘xtatadi. Futbolchilar kiyinish xonasiga yuboriladi va murabbiylar yana muxlislarni ogohlantiradi.
Uchinchi bosqich — qora kartochka. O‘yin qayta boshlanganidan keyin ham tribunadagi tajovuzkor xatti-harakatlar davom etsa, hakam qora kartochka ko‘rsatib, uchrashuvni yakunlaydi. Bunday o‘yinni qayta davom ettirishga ruxsat berilmaydi.
Maqsad — bolalarni kattalar bosimidan himoya qilish
Ruminiya futbol federatsiyasi qora kartochkani faqat tartib-intizom chorasi emas, balki yosh futbolchilarni himoya qilish vositasi sifatida ko‘rmoqda.
Federatsiyaning fikricha, ota-onalar va muxlislarning doimiy bosimi bolalarning futbolga bo‘lgan munosabati hamda jamoaviy muhitga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Hozircha Ruminiya ushbu mexanizmni yoshlar futbolida joriy qilgan ilk milliy futbol federatsiyasi sifatida ko‘rsatilmoqda.
Avvalroq «An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Al-Hilol» yarim himoyachisi Ruben Nevesga nisbatan marhum futbolchi Diogo Jota nomi bilan aytilgan haqoratli hayqiriqlar ortidan muxlislarni umrbod stadionlarga kiritmaslikka chaqirgandi.