Fond bozori: «O‘zbekneftgaz» va «O‘ztransgaz» aksiyalari bir haftada qariyb 66 foizga oshdi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 4-sentabrdan 11-sentabrgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 12,09 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbekneftgaz» va «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, ikkalasi ham birdek 65,89 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «BRB» aksiyalarida (+30,58%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Garant bank» aksiyalari 7,42 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Kapital sug‘urta» (-5,26%) va «SQB» (-3,29%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «O‘zmetkombinat» va «Agrobank» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha UzNIF (5 915 ta), «Hamkorbank» (3 015 ta) va «O‘zbektelekom» (2 602 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zRTXB» (2,21 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. UzNIF (1,95 mlrd so‘m) va «O‘zbektelekom» (1,55 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda ilk valyuta obligatsiyalari ro‘yxatga olindi
Yuqori likvidli aksiyalardan 22 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz va 14 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 57,17 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 28-avgustdan 4-sentabrgacha bo‘lgan davrda 24 ta yuqori likvidli aksiya haftani ijobiy yakunlagani haqida xabar berilgandi. Ushbu davr mobaynida «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 72,79 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Buxoroneftgazparmalash» (+20%) va «O‘zbekneftgaz» aksiyalarida (+17,39%) ham o‘sish qayd etildi.