Sindorov Global Chess League’da birinchi doskada eng yaxshi natijani qayd etdi

14-sentabr 2026 14:27 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Javohir Sindarov yirik turnirda qanday natija qayd etdi
Foto: Instagram/ @bibisarachess

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov Tech Mahindra Global Chess League-2026 turnirida birinchi doskada o‘ynagan shaxmatchilar orasida eng ko‘p o‘yin ochkosini jamg‘ardi. U Magnus Karlsen va Yan Nepomnyashiy kabi kuchli grossmeysterlardan yuqori natija ko‘rsatdi.

Sindarov turnir yakunida rapid bo‘yicha jahon onlayn reytingida ham yuqoriladi. Uning FYERS American Gambits jamoasi esa musobaqani uchinchi o‘rinda yakunladi.

Sindarov 10 turda 20 ochko jamg‘ardi

Global Chess League’ning muntazam bosqichida har bir jamoa 10 tadan uchrashuv o‘tkazdi. Sindarov ilk bor jamoaning birinchi, ya’ni Icon Board doskasida o‘ynadi.

U 10 partiyada beshta g‘alaba qozondi, uchta durang qayd etdi va ikki marta mag‘lub bo‘ldi. An’anaviy hisobda bu 6,5 ochkoga teng bo‘lsa, turnir tizimi bo‘yicha Sindarov jamoasiga 20 ochko olib keldi.

Bu Icon Board’da ishtirok etgan barcha olti shaxmatchi orasidagi eng yaxshi natija bo‘ldi.

Karlsen va Nepomnyashiydan yuqori natija ko‘rsatdi

Taqqoslash uchun, Magnus Karlsen 10 uchrashuvda 18 o‘yin ochkosini, turnir g‘olibi Yan Nepomnyashiy esa 15 ochko to‘pladi.

Sindarov muntazam bosqich davomida besh karra jahon chempioni Vishvanatan Anandni ikki marta mag‘lub etdi. Shuningdek, u Alireza Firuzja, Yan Nepomnyashiy va Maksim Vashye-Lagrav ustidan ham g‘alaba qozondi.

U Firuzja, Karlsen va Vashye-Lagrav bilan durang o‘ynadi. Nepomnyashiy va Karlsenga qarshi partiyalarda esa mag‘lub bo‘ldi.

Bir partiya final uchun yetmay qoldi

Turnirning so‘nggi turlarida FYERS American Gambits final yo‘llanmasi uchun kurashdi. Hal qiluvchi uchrashuvda Sindarov qora donalarda Maksim Vashye-Lagravni mag‘lub etib, jamoasiga to‘rt ochko olib keldi. Biroq FYERS American Gambits CheQ Mumba Masters’ga 6:11 hisobida imkoniyatni boy berdi.

Natijada jamoa muntazam bosqichni 15 match ochkosi va 86 o‘yin ochkosi bilan uchinchi o‘rinda yakunladi.

FYERS American Gambits uchinchi o‘rinni egalladi

Uchinchi o‘rin uchun bahslarda FYERS American Gambits CheQ Mumba Masters’ga qarshi ikki uchrashuv o‘tkazdi va har ikkala bahsda ham g‘alaba qozondi.

Sindarov bu ikki partiyaning ikkalasida ham Vashye-Lagrav bilan durang o‘ynadi. Jamoaning asosiy g‘alabalarini Nihal Sarin va Mark’Andria Maurizzi ta’minladi.

Shu tariqa, turnirda Ganges Grandmasters birinchi, Alpine APL Pipers ikkinchi, FYERS American Gambits esa uchinchi o‘rinni egalladi.

Sindarov rapid reytingida ham yuqoriladi

Sindarovning muvaffaqiyatli ishtiroki uning rapid bo‘yicha reytingiga ham ta’sir qildi. Sentabr oyidagi FIDE reytingida u 2732 ochkoga ega edi. Firuzja ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin hisob-kitob reytingi 2742,6 punktgacha ko‘tarildi.

Sindarov bir vaqtning o‘zida to‘rt pog‘ona yuqorilab, jahon rapid reytingida ikkinchi o‘ringacha ko‘tarildi. Turnir yakunidagi holatda esa u uchinchi o‘rinda qayd etildi.

Avvalroq «Kursiv» Javohir Sindarov kunning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek