O‘zbekiston va Janubiy Koreya 13 ta hamkorlik hujjatini imzoladi

eʼlon qilindi
Hujjatlar strategik loyihalar, muhim minerallar, mudofaa sanoati, yuqori tezlikdagi poyezdlar va ta’lim kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Janubiy Koreya prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Li Jje Myonning 14-sentabrdagi muzokaralari yakunida ikki davlat o‘rtasida 13 ta kelishuv va memorandum imzolandi. Hujjatlar strategik loyihalar, muhim minerallar, mudofaa sanoati, yuqori tezlikdagi poyezdlar va ta’lim kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi. Bu haqda Yonhap xabar berdi. 

Muhim minerallar va yangi loyihalar bo‘yicha hamkorlik

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Koreya Eksimbanki o‘rtasida strategik loyihalarni birgalikda izlash bo‘yicha memorandum imzolandi.

Unga ko‘ra, muhim minerallar, ma’lumotlar markazlari, aqlli shaharlar, koreys kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonalari, farmatsevtika va biotexnologiya, oziq-ovqat, go‘zallik va kontent sohalarida istiqbolli loyihalar aniqlanadi.

Shuningdek, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari ham ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonga 8 ta tezyurar poyezd keltiriladi

Tomonlar O‘zbekistonga 8 ta tezyurar poyezd olib kirish bo‘yicha ham memorandum imzoladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda milliy genomika va biobank markazi — «Biom» markazini tashkil etish masalasida ham kelishuvga erishildi.

Mazkur loyihalar transport va tibbiyot infratuzilmasidagi hamkorlikni kengaytirishi, shuningdek, Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini oshirishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda koreys tili olimpiada faniga aylantiriladi

Ikki davlat maktabgacha va umumiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum ham imzoladi.

Kelishuvning muhim jihatlaridan biri — O‘zbekiston hukumati o‘tkazadigan olimpiadalarning rasmiy fanlari qatoriga koreys tilini ham kiritish rejalashtirilgan.

Bu O‘zbekistonda koreys tilini o‘rganishga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirishi mumkin.

Orolbo‘yi va iqlim masalalarida hamkorlik kuchayadi

Tomonlar raqamli o‘rmonlarni tiklash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha ham memorandum imzoladi.

Hujjat doirasida Orolbo‘yi hududining cho‘llanishi, suv resurslari bilan bog‘liq muammolar va Markaziy Osiyodagi transchegaraviy ekologik masalalar bo‘yicha hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, turizm, qishloq xo‘jaligida koreys texnologiyalarini joriy etish, intellektual mulk, ishlab chiqarishni sun’iy intellekt asosida transformatsiya qilish va tibbiy mahsulotlarni tartibga solish yo‘nalishlarida ham kelishuvlar imzolandi.

Mudofaa sanoatidagi hamkorlik kengayadi

Muzokaralar doirasida mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha shartnoma ham imzolandi.

Bundan tashqari, mahbuslarni topshirish to‘g‘risidagi bitim hamda beg‘araz yordam bo‘yicha asosiy kelishuvga o‘zgartirish kiritish protokoli imzolandi.

Shu tariqa 14-sentabrdagi muzokaralar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi iqtisodiy, texnologik, ta’lim, ekologik va mudofaa sohalaridagi hamkorlikni yangi loyihalar bilan kengaytirishga qaratildi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlarni Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga tashrifdan boshlagani haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek