Qirg‘izistonning Xitoydan qancha qarzi borligi ochiqlandi

Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi $1,4 mlrdni tashkil etadi. Bu haqda Qirg‘iziston moliya vaziri o‘rinbosari Umutjan Amanbayev Jogorku Kenesh qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Xitoy qarzi davlat budjeti daromadlarining 16 foiziga teng
Amanbayevning so‘zlariga ko‘ra, avval Xitoy oldidagi qarz Qirg‘izistonning jami qarzining 40 foizigacha bo‘lgan. Keyinchalik bu ko‘rsatkich 27 foizgacha kamaygan.
Hozirda esa Xitoyga bo‘lgan qarz mamlakat budjeti daromadlarining 16 foiziga teng. Vazir o‘rinbosari Qirg‘iziston zarurat tug‘ilganda qarzni to‘liq to‘lash imkoniyatiga ega ekanini, biroq majburiyatlarni belgilangan muddatlarda bosqichma-bosqich bajarish ma’qul ekanini ta’kidladi.
Qirg‘iziston qarzni bosqichma-bosqich kamaytirmoqda
Amanbayevning aytishicha, 2020-yilgacha Xitoy oldidagi qarz mamlakat davlat budjeti daromadlarining 90 – 100 foizigacha teng bo‘lgan.
Qirg‘iziston Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, davlat qarzini to‘lash uchun 77 mlrd som yo‘naltirilgan. Ushbu mablag‘ning 70 foizi tashqi qarzni qoplashga sarflangan.
Vazir o‘rinbosari hozirda mamlakatda muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emasligini bildirdi.
Kreditlar iqtisodiy rivojlanish uchun olinmoqda
Amanbayevning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston hozir olayotgan kreditlar asosan rivojlanish loyihalariga yo‘naltirilmoqda.
Uning fikricha, iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan loyihalar uchun kredit olishdan qo‘rqmaslik kerak. Mamlakat esa mavjud qarzlarni belgilangan muddatlarda to‘lab, tashqi majburiyatlarini bosqichma-bosqich kamaytirishni davom ettirmoqda.
Avvalroq AQShning milliy qarzi so‘nggi o‘n yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 40 trln dollar chegarasidan o‘tgandi.