Ronaldu marhum do‘stini haqoratlaganlarni umrbod stadionlardan chetlatishga chaqirdi

«An-Nasr» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Al-Hilol» yarim himoyachisi Ruben Nevesga nisbatan marhum futbolchi Diogo Jota nomi bilan aytilgan haqoratli hayqiriqlar ortidan muxlislarni umrbod stadionlarga kiritmaslikka chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Muxlislar Jota nomini hayqirgan
Voqea 12-sentabr kuni Saudiya Pro ligasining «At-Ta’vun» va «Al-Hilol» o‘rtasidagi uchrashuvi vaqtida yuz bergan. Tribunadan olingan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ayrim muxlislar «Jota» deb hayqirgani ko‘ringan.
Bunga Ruben Neves munosabat bildirgan. U ko‘ziga ishora qilib, so‘ng osmonga qaragan.
Uchrashuvdan keyin aralash zona orqali o‘tayotgan Neves: «Umid qilamanki, ular keyin ibodat qilish uchun bormaydi», deya izoh bergan.
Ronaldu keskin munosabat bildirdi
Ronaldu Instagram’dagi mazkur video aks etgan post ostida Saudiya ligasini muxlislarning xatti-harakatiga chora ko‘rishga chaqirdi.
Uning fikricha, shaxsiy fojiadan haqorat yoki provokatsiya uchun foydalanish sport doirasidan tashqariga chiqadi.
Ronaldu bunday xatti-harakat sodir etgan muxlislar stadionlarga boshqa kiritilmasligi kerakligini ta’kidladi.
Jota va Neves yaqin do‘st bo‘lgan
Diogo Jota 2025-yil 3-iyul kuni Ispaniyaning Zamora viloyatida sodir bo‘lgan avtohalokatda halok bo‘lgan. U bilan birga ukasi Andre Silva ham vafot etgan.
Jota va Neves yaqin do‘st bo‘lgan. Neves futbolchining dafn marosimida tobut ko‘taruvchilardan biri sifatida qatnashgan.
«Al-Hilol» va «At-Ta’vun» muxlislarni qoraladi
«Al-Hilol» Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasiga voqea yuzasidan rasmiy shikoyat yuborganini ma’lum qildi. Klub futbolchilar yoki ularning oilalariga qaratilgan haqoratlarni qat’iyan qoraladi.
«At-Ta’vun» ham muxlislarning hayqiriqlarini nomaqbul deb atab, bunday holat takrorlanishining oldini olish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun tegishli choralar ko‘rilishini bildirdi.
Saudiya Arabistoni futbol federatsiyasi va Saudiya Pro ligasi ham hodisani qoraladi. Tashkilotlar shaxsiy fojialardan haqorat yoki provokatsiya maqsadida foydalanish Saudiya futboli qadriyatlariga zid ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda «Al-Hilol» 6:0 hisobida g‘alaba qozondi. Neves 75 daqiqa maydonda harakat qildi.
Avvalroq Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu Karlos Tevesning futbolchilik faoliyatidagi xayrlashuv uchrashuvida ilk bor bir jamoada maydonga tushishi mumkinligi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgandi.