Sud hokimiyati organlarini moliyalashtirish tartibi belgilandi

O‘zbekistonda sud hokimiyati organlari faoliyatini moliyalashtirishning alohida tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Sudlar faqat Davlat budjetidan moliyalashtiriladi
Qonunga ko‘ra, sudlar faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
Navbatdagi yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi faoliyatini moliyalashtirish uchun alohida mablag‘lar nazarda tutiladi.
Shuningdek, qonunda sudlar faoliyatini moliyalashtirish odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkonini ta’minlashi kerakligi belgilangan.
Mablag‘larni kim taqsimlaydi
Konstitutsiyaviy sud uchun ajratilgan mablag‘larni Konstitutsiyaviy sudning o‘zi taqsimlaydi. Oliy sud uchun mo‘ljallangan mablag‘lar Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi uchun ajratilgan mablag‘lar esa kengashning o‘zi tomonidan taqsimlanadi.
Harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, ma’muriy sudlar, shuningdek, fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha tuman, shahar va tumanlararo sudlar uchun ajratilgan mablag‘larni Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti taqsimlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Oliy va Konstitutsiyaviy sud tarkibida o‘zgarishlar bo‘lgani haqida yozgan edi.