Sud ishlariga aralashganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi

eʼlon qilindi
Sudyaga noqonuniy ta’sir o‘tkazish jinoyat hisoblanadi
Sud ishlariga aralashganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashganlik uchun javobgarlik choralari aniqlashtirildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Sudyaga noqonuniy ta’sir o‘tkazish jinoyat hisoblanadi

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sud ishlarini hal etishga aralashish deganda muayyan ishning har tomonlama, to‘liq va xolis ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoxud boshqa qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudya yoki xalq maslahatchisiga turli shakllarda noqonuniy ta’sir o‘tkazish tushuniladi.

Bunday harakatlar uchun uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.

Sud binosida tartibni buzish uchun ham javobgarlik belgilandi

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga sud binosida tartibni buzish orqali sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritildi.

Avvalgi tartibda asosan sud majlisi vaqtida tartibni buzish bilan bog‘liq sudga hurmatsizlik holatlari uchun javobgarlik nazarda tutilgan edi.

Yangi qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri sud hokimiyati organlarini moliyalashtirish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.

Shuningdek