Tadbirkorlardan asossiz undirilgan 5,5 mlrd so‘m uchun «Hududiy elektr tarmoqlari»ga ish qo‘zg‘atildi

Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlardan elektr tarmog‘iga qayta ulash uchun jami 5,5 mlrd so‘m undirilgani yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 965 ta holatda asossiz daromad olingani alomatlari aniqlangan.
Holat Biznes-ombudsman taqdim etgan ma’lumotlar asosida o‘rganilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorlik bartaraf etilgach, korxonalarni tarmoqqa qayta ulash uchun jarima va qo‘shimcha to‘lov undirish bekor qilingan.
Shuningdek, elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, tarmoqdan uzilgan iste’molchilarni qayta ulash uchun olinadigan to‘lovlar ham bekor qilingan.
Raqobat qo‘mitasi tahliliga ko‘ra, 2025-yil 23-avgustdan 2026-yil fevraligacha hududiy elektr tarmoqlari korxonalari respublika bo‘yicha tadbirkorlardan 965 ta holatda qayta ulash uchun to‘lov olgan.
Undirilgan mablag‘larning umumiy miqdori 5,5 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, o‘qing: Jarima o‘rniga 500 dollar: «Energosavdo» muhandisi pora bilan ushlandi
Holatga huquqiy baho berilmoqda
Aniqlangan holatlar yuzasidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va uning tizimidagi korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Hozirda masala manfaatdor davlat organlari ishtirokida o‘rganilib, unga huquqiy baho berilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Bunyodkor» stadionining «svet»dan 3 mlrd so‘m qarzi borligi aniqlangandi. Ma’lum qilinishicha, elektr yo‘qligi sababli O‘zPFL ofisi vaqtincha masofadan ishlash rejimiga o‘tgan.