Freelander 8 19-sentabrdan yetkazib berila boshlaydi

15-sentabr 2026 08:08 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Freelander 8 19-sentabrdan yetkazib berila boshlaydi
Foto: Chery-JLR

Chery Jaguar Land Rover kompaniyasi yangi Freelander 8 krossoverini Xitoydagi mijozlarga 19-sentabrdan yetkazib berishni boshlaydi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Narxi $42,6 mingdan boshlanadi

Freelander 8 Xitoy bozorida 289,9 mingdan 379,9 ming yuangacha bo‘lgan maxsus narxda taklif qilinmoqda. Bu taxminan $42,6 mingdan $55,9 minggacha degani.

Avtomobil 3-sentabr kuni rasman sotuvga chiqarilgan. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, modelga dastlabki 12 soatning o‘zida 5 mingdan ortiq qat’iy buyurtma berilgan.

Freelander 8 yirik SUV sifatida ishlab chiqilgan

Yangi model Concept 97 konseptiga asoslangan to‘rtburchak kuzov dizaynini saqlab qolgan. Old qismida yopiq radiator paneli va to‘rtburchak shakldagi faralar qo‘llanilgan.

Freelander 8 uzunligi 5 118 mm, kengligi 2 050 mm va balandligi 1 898 mm ni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3 040 mm ga teng.

Foto: Chery-JLR

Huawei tizimi va LiDAR bilan jihozlangan

Krossover tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR sensoriga ega. Barcha komplektatsiyalar Huawei kompaniyasining Qiankun ADS 5.0 haydovchiga yordam beruvchi tizimi bilan standart tarzda jihozlangan.

Bundan tashqari, avtomobilda Qualcomm Snapdragon 8 397 protsessori ishlatiladi. Huawei bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan i-ATS tizimi 20 xil yo‘l va relyef rejimini qo‘llab-quvvatlaydi. Model old, markaziy va orqa differensial qulflariga ham ega.

Salonda 46,3 dyuymli panoramali ekran bor

Foto: Chery-JLR

Freelander 8 saloniga 46,3 dyuymli panoramali displey va 15,6 dyuymli markaziy LED ekran o‘rnatilgan.

Ikkinchi qatorda isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega ikkita «zero-gravity» o‘rindiq mavjud. Yo‘lovchilar uchun buklanadigan stollar va avtomobil ichidagi muzlatkich ham ko‘zda tutilgan.

Avvalroq «Kursiv» Onix va Tracker haqida yangi ma’lumot e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek