Mirziyoyev 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda ilk bor o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilarini musobaqaning ochilishi bilan tabrikladi. Davlat rahbari 15-sentabr kuni yo‘llagan tabrigida O‘zbekistonning shaxmatdagi yutuqlari va olimpiadaning mamlakat uchun ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
«O‘zbekistonga xush kelibsiz»
Mirziyoyev 200 dan ziyod mamlakatlardan Samarqandga tashrif buyurgan grossmeysterlar, murabbiylar va shaxmat ixlosmandlarini qutlab, ularni O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan yirik sport anjumani bilan muborakbod etdi.
Prezident Samarqandning uch ming yildan ortiq tarix va madaniyatni o‘zida mujassam etgan qadimiy shahar sifatida olimpiadaga mezbonlik qilayotgani musobaqaga alohida shukuh bag‘ishlashini ta’kidladi.
«Bugun bamisoli dunyo shaxmat sporti poytaxtiga aylangan bu ulug‘ shaharga, jonajon O‘zbekistonimizga xush kelibsiz!» – dedi Mirziyoyev.
Olimpiada bilan birga Samarqandda 3-Parashaxmat olimpiadasi va 97-FIDE kongressi ham o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda 2 mln kishi shaxmat bilan shug‘ullanadi
Prezident tabrigida mamlakatda shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham qayd etildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda shaxmat bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar soni 2 mln nafardan, reytingga ega professional shaxmatchilar soni esa 6 ming nafardan oshgan.
Mamlakatda xalqaro grossmeyster unvoniga ega 32 nafar shaxmatchi bor. Shuningdek, O‘zbekistonning 5 nafar yetakchi shaxmatchisi jahon reytingidagi kuchli yuztalikdan joy olgan.
FIDE reytingida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 204 davlat orasida 8-o‘rinda, ayollar terma jamoasi esa 20-o‘rinda turibdi.
Sindarov va Abdusattorovning yutuqlari alohida qayd etildi
Mirziyoyev O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining 2022-yilgi 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi g‘alabasini ham eslatdi. 2024-yilgi olimpiadada esa jamoa sovrindorlar qatoridan joy olgan.
Davlat rahbari navqiron grossmeyster Javohir Sindarovning jahon chempionligi uchun «Da’vogarlar turniri»da g‘olib bo‘lgani va jahon kubogini qo‘lga kiritganini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, Nodirbek Abdusattorovning blits bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘lgani qayd etildi.
Shaxmat «ommaviylikdan professionallikka» rivojlantirilmoqda
Prezident O‘zbekistonda shaxmatni mahallalardan boshlab ta’lim muassasalarigacha rivojlantirishga e’tibor qaratilayotganini bildirdi.
Mirziyoyev Samarqand olimpiadasi qizg‘in bellashuvlar, yuksak sport madaniyati, halollik va o‘zaro hurmat ruhida o‘tishiga ishonch bildirdi.
U shaxmatni yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish hamda dunyo xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim vosita sifatida baholadi.
Qayd etish joiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilmoqda.
Avvalroq jahon shaxmatining afsonaviy vakili, besh karra jahon chempioni va FIDE muvaqqat prezidenti Vishvanatan Anand Samarqandga yetib kelgani haqida xabar berilgandi.