
O‘zbekistonning «Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/27-yilgi Osiyo klublar musobaqalarida ishtirok etadi. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida, «Nasaf» esa OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida qatnashadi. Klublar ishtirok, g‘alaba va keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun alohida mukofot pullarini qo‘lga kiritadi.
«Paxtakor» va «Neftchi»ga ishtirok uchun $800 mingdan
OFK Chempionlar ligasi Elit turnirining asosiy bosqichida qatnashadigan har bir klub $800 ming mukofot puli oladi.
Bundan tashqari, jamoalar har bir g‘alaba uchun qo‘shimcha $100 ming ishlab oladi. Shu tariqa «Paxtakor» va «Neftchi»ning turnirdagi umumiy daromadi natijalariga qarab oshib boradi.
Pley-off bosqichlarida mukofot pullari oshadi
OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida 1/8 finalga chiqqan klubga $200 ming, chorak final ishtirokchisiga $400 ming, yarim finalga yetib kelgan jamoaga esa $600 ming mukofot puli beriladi.
Turnir chempioni $10 mln oladi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoaga esa $4 mln mukofot puli to‘lanadi. Shu sabab «Paxtakor» yoki «Neftchi» musobaqada uzoq bosqichlargacha yetib borsa, ishtirok puli, g‘alabalar uchun bonuslar va pley-off mukofotlari hisobiga bir necha million dollar ishlab olishi mumkin.
«Nasaf» ishtirok uchun $300 ming oladi
«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 turnirini guruh bosqichidan boshlaydi. Ushbu bosqichda qatnashgan har bir klub $300 ming mukofot puli oladi.
Bundan tashqari, har bir g‘alaba uchun $50 mingdan qo‘shimcha to‘lov ko‘zda tutilgan.
«Nasaf» chempion bo‘lsa, $2,5 mln oladi
OFK Chempionlar ligasi 2 turnirida 1/8 finalga chiqqan klub $80 ming, chorak finalga yo‘l olgan jamoa $160 ming, yarim final ishtirokchisi esa $240 ming mukofot oladi.
Turnir g‘olibiga $2,5 mln, finalchiga esa $1 mln mukofot puli beriladi. «Nasaf» ham turnirdagi natijalariga qarab boshlang‘ich $300 minglik ishtirok pulidan bir necha barobar ko‘proq daromad olish imkoniyatiga ega.
Avvalroq «Kursiv» «Paxtakor» «Al-Ahli» bilan uchrashuvda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqargani haqida yozgan edi.