Pensiya islohoti va O‘zbekistonga kirayotgan Koreya kompaniyalari — 15-sentabr yangiliklari

Pensiya islohoti va O‘zbekistonga kirayotgan Koreya kompaniyalari — 15-sentabr yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» Osiyo turnirlarida qancha pul ishlab oladi

O‘zbekistonning «Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/27-yilgi Osiyo klublar musobaqalarida ishtirok etadi. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida, «Nasaf» esa OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida qatnashadi. Klublar ishtirok, g‘alaba va keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun alohida mukofot pullarini qo‘lga kiritadi.
Chevrolet bir avtomobiliga 35 mln so‘mgacha chegirma e’lon qildi

Chevrolet AQSh bozorida 2026-yilgi Colorado pikapi uchun sentabr oyiga maxsus moliyaviy takliflarni e’lon qildi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Xaridorlar ayrim versiyalarda $3 minggacha (35 mln so‘m) chegirma olishi, shuningdek, avtomobilni imtiyozli kredit yoki lizing asosida xarid qilishi mumkin.
O‘zbekistonning shaxmat Olimpiadasi uchun asosiy tarkibi ochiqlandi

Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining Open yo‘nalishida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan asosiy terma jamoa tarkibi ma’lum bo‘ldi. Jamoa 2022-yilda Chennayda oltin medalni qo‘lga kiritgan tarkibga deyarli mos keladi. Bu haqda mamlakat Shaxmat federatsiyasi xabar berdi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun qabul boshlandi

15-sentabrdan O‘zbekistonda oliy ta’limdan keyingi ta’limning barcha shakllari bo‘yicha 2027-yilning birinchi choragi uchun hujjatlar qabuli boshlandi. Arizalar 15-oktabrgacha qabul qilinadi.
Qabul mustaqil izlanuvchilik, stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (DSc) yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Javohir Sindarov qatnashadigan shaxmat toji uchun mukofot jamg‘armasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni Gukesh D bilan 2026-yilgi FIDE jahon chempionligi uchun dona suradi. Uchrashuvning umumiy mukofot jamg‘armasi $2,5 mlnni tashkil etadi.
FIDE ma’lumotiga ko‘ra, jahon chempionligi uchun bahs 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida o‘tkaziladi.
Hyundai, Kia va Hyundai Rotem O‘zbekistondagi loyihalarini kengaytiradi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Seulda Hyundai Motor Group, Kia va Hyundai Rotem rahbarlari bilan uchrashdi. Muzokaralarda O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish, elektromobil va gibrid modellarni yig‘ish, shuningdek, yangi tezyurar poyezdlarni yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ushbu kompaniyalarning O‘zbekiston avtomobil va transport sohalarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.
KIND korporatsiyasi Toshkentning yangi aeroporti loyihasida qatnashishi mumkin

Prezident Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida KIND korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Kim Bok Xvan bilan uchrashdi. Muzokaralarda Toshkentning yangi xalqaro aeroporti atrofidagi hududni rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.
Tomonlar transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratdi.
Pensiya islohoti: odamlar qanday fikrda

O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha ostida qoldirilayotgan 100 dan ortiq izohlarda pensiya yoshini oshirishga qarshi fikrlar ko‘p uchramoqda: fuqarolar sog‘liq, og‘ir mehnat sharoitlari, ekologiya va yoshlarning ish topishi bilan bog‘liq xavotirlarni bildirmoqda. Shu bilan birga, islohotni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham bor.