Pensiya islohoti: odamlar qanday fikrda

eʼlon qilindi
Asosiy e’tiroz pensiya yoshining oshirilishiga qaratilgan
Pensiya islohoti: odamlar qanday fikrda
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyiha ostida qoldirilayotgan 100 dan ortiq izohlarda pensiya yoshini oshirishga qarshi fikrlar ko‘p uchramoqda: fuqarolar sog‘liq, og‘ir mehnat sharoitlari, ekologiya va yoshlarning ish topishi bilan bog‘liq xavotirlarni bildirmoqda. Shu bilan birga, islohotni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham bor.

Farmon loyihasiga ko‘ra, pensiya yoshini 2028-yildan har yili uch oyga oshirib borish va 2039-yilga kelib erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash taklif qilinmoqda.

Jamoatchilik muhokamasidagi izohlar sotsiologik so‘rov hisoblanmaydi va butun aholi fikrini ifodalamaydi. Biroq ular islohotning qaysi jihatlari odamlarda eng ko‘p savol va xavotir tug‘dirayotganini ko‘rsatadi.

Asosiy e’tiroz pensiya yoshining oshirilishiga qaratilgan

Ko‘plab izoh mualliflari hozirgi pensiya yoshini saqlab qolish yoki hatto kamaytirishni taklif qilmoqda. Ularning fikricha, 60 yoshdan keyin ayrim kasblarda to‘liq ishlash jismonan va ruhiy jihatdan qiyinlashadi.

Ayniqsa, pedagoglar va og‘ir mehnat bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar uchun alohida tartib bo‘lishi kerakligi haqidagi fikrlar uchramoqda.

«Ta’lim sohasida ishlash insonni ham jismonan, ham ruhan charchatadi. Pensiya yoshini oshirishga qarshiman», – deyiladi muhokamadagi izohlardan birida.

Yana bir fuqaro pensiya yoshini bir xil oshirish o‘rniga kasbning og‘irligi, mehnat staji va insonning sog‘lig‘ini hisobga olish kerakligini ta’kidlagan.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq stajsiz qolmoqda

Yoshlarning ish topishi qiyinlashishi mumkinligi aytilmoqda

Muhokamadagi yana bir asosiy xavotir mehnat bozori bilan bog‘liq. Ayrim fuqarolar pensiya yoshining oshishi katta yoshdagi xodimlarning ishda uzoqroq qolishiga, natijada yosh mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari kamayishiga olib kelishi mumkinligini yozmoqda.

Izohlardan birida universitetni bitirganiga uch yil bo‘lsa ham ish topa olmayotgan fuqaro pensiya yoshini oshirmaslik kerakligini bildirgan. Uning fikricha, avlodlar almashinuvini tezlashtirish yoshlarning ishga joylashishiga yordam beradi.

Boshqa bir izohda ham 60 yoshdagi amaldagi chegarani saqlash va yosh avlod uchun ish o‘rinlarini ko‘paytirishga e’tibor qaratish taklif qilingan.

Uzoq ishlaganlarga ertaroq pensiya taklif qilinmoqda

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda o‘rtacha pensiya to‘qqiz yil ichida uch barobarga oshib, 1,6 million so‘mga yetdi

Fuqarolarning bir qismi pensiya yoshini hamma uchun bir xil belgilash o‘rniga mehnat stajiga bog‘liq moslashuvchan tizimni taklif qilmoqda.

Xususan, uzoq yillar rasmiy ishlagan fuqarolarga ertaroq pensiyaga chiqish huquqini berish bo‘yicha takliflar bor. Muhokamadagi batafsil takliflardan birida majburiy stajdan ortiq ishlangan har besh yil uchun pensiya yoshini bir yilga qisqartirish mexanizmi ilgari surilgan.

Yana bir fuqaro 35 yil rasmiy ish stajiga ega erkaklarga 55 yoshdan pensiyaga chiqish imkonini berishni taklif qilgan.

Islohotni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham bor

Muhokamada pensiya islohotini ma’qullagan fikrlar ham uchraydi.

Ayrim fuqarolar aholi umr ko‘rish davomiyligi va turmush darajasi oshib borayotganini sabab qilib, pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirishni mantiqiy deb hisoblamoqda.

«Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshmoqda hamda turmush darajasi yaxshilanmoqda», – deya loyiha qo‘llab-quvvatlangan izohlardan birida.

Yana bir muhokama ishtirokchisi pensiya yoshi va ish stajini bosqichma-bosqich oshirishni to‘g‘ri qaror deb baholagan.

Odamlarni faqat pensiya yoshi emas, boshqa o‘zgarishlar ham qiziqtirmoqda

Loyiha faqat pensiya yoshini oshirish bilan cheklanmaydi. Unda pensiya olish uchun talab qilinadigan eng kam ish stajini 2034-yilgacha 15 yilga yetkazish (amalda 7 yil), pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini bosqichma-bosqich 20 yilgacha uzaytirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini o‘zgartirish ham taklif etilgan.

Jamoatchilik muhokamasidagi ayrim izohlarda aynan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini Xalq bankidan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish taklifining maqsadi haqida ham savollar bildirilgan.

Hozircha bu o‘zgarishlar yakuniy qaror emas. Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, bildirilgan taklif va e’tirozlar ko‘rib chiqilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nafaqa miqdorini oshirish yo‘llari haqida ma’lumot bergandi.

Shuningdek