Ronaldu «Al-Nasr»ni sotib olishi mumkin

eʼlon qilindi
Klubning 4 xaridori bor
Foto: Sportrbc

Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu faoliyatini davom ettirayotgan Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubini sotib olish bo‘yicha konsorsium tarkibiga kirishi mumkin. Ronaldu va yana to‘rt investor klub aksiyalarini xarid qilish uchun Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi (PIF)ga rasmiy taklif yuborishga tayyorlanmoqda. Bu haqda DAZN Portugal xabar berdi.

Har bir investor kamida $100 mln kiritadi

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bo‘lajak investorlar konsorsiumiga 41 yoshli Ronaldu bilan birga «Milan» klubiga egalik qiluvchi RedBird Capital Partners kompaniyasi rahbari Jerri Kardinale, shuningdek, Ibrohim Al-Muhaydib, Muhammad Al-Hurayji va Sharaf Al-Haririy kirgan. Konsorsiumdagi har bir investor loyihaga kamida $100 mln kiritishi kerak.

Shu bilan birga, bitimning yakuniy qiymati va har bir investor oladigan ulush hozircha ochiqlanmagan.

PIF nazorat paketidan voz kechadimi

Potensial xaridorlar yaqin ikki kun ichida Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasi rahbariyati bilan muzokara o‘tkazadi.

Uchrashuvda PIF «Al-Nasr»dagi nazorat paketini sotishga tayyormi yoki yo‘qmi, degan masala hal qilinishi kutilmoqda. Agar tomonlar kelishuvga erisha olmasa, bitim amalga oshmasligi mumkin. Hozirda «Al-Nasr» Saudiya Arabistoni Suveren jamg‘armasiga tegishli.

Ronaldu «Al-Nasr»da 126 ta gol urgan

Krishtianu Ronaldu «Al-Nasr» safida 2023-yildan buyon to‘p tepmoqda. Portugaliyalik futbolchi klub uchun 148 ta uchrashuvda 126 ta gol va 24 ta golli uzatma qayd etgan. «Al-Nasr» Saudiya Arabistonining 11 karra chempioni hisoblanadi.

Agar bitim amalga oshsa, Ronaldu futbolchi sifatida o‘ynayotgan klubining egalaridan biriga aylanishi mumkin.

Avvalroq Saudiya klubi 15-sentabr kuni musobaqaning dastlabki turida safarda BAAning «Al-Ayn» jamoasiga qarshi maydonga tushishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek