58-63 yoshgacha ishlash: pensiya islohoti nimani o‘zgartiradi

O‘zbekistonda pensiya islohoti doirasida pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish, pensiya olish uchun zarur eng kam ish stajini 15 yilga yetkazish va jamg‘arib boriladigan tizimni yangilash taklif qilinmoqda. Kursiv Uzbekistan loyihani o‘rgandi: maqolada nimalar yangilanishi va nimalar o‘zgarishi haqida so‘z boradi.
Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Amaldagi pensiya tizimi qanday ishlaydi;
- Pensiya hisoblash davri 20 yilgacha kengaytiriladi;
- Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi yangilanadi;
- Pensiya jamg‘armasi taqchilligi oshib bormoqda;
- Eng kam ish staji 7 yildan 15 yilga oshirilishi mumkin;
- Ekspertlar qanday fikrda.
Amaldagi pensiya tizimi qanday ishlaydi
O‘zbekistondagi pensiya ta’minoti uch darajadan iborat. Birinchi daraja — Pensiya jamg‘armasi orqali to‘lanadigan davlat pensiyasi. Ikkinchi daraja Xalq bankidagi majburiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarini, uchinchi daraja esa fuqarolarning ixtiyoriy jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini qamrab oladi.

Amaldagi tartibda pensiyaning tayanch qismi hisobga olinadigan ish haqining 55 foizi miqdorida belgilanadi. Talab etilgan stajdan ortiq ishlangan har bir yil uchun yana bir foiz qo‘shiladi. Erkaklar uchun to‘liq pensiya olishda 25 yil, ayollar uchun esa 20 yil ish staji talab etiladi.
Biroq pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan oylik ish haqining eng yuqori miqdori 6 mln so‘m bilan cheklangan. Shu sababli 6 mln so‘m va undan ancha ko‘p maosh olgan xodimlarga tayinlanadigan pensiya o‘rtasidagi farq katta emas.
Mamlakatda 4,3 mln nafar pensiya oluvchi bor. Har yili qariyb 316 ming kishiga yangi pensiya tayinlanadi. O‘rtacha oylik pensiya 1,6 mln so‘mni tashkil etmoqda. So‘nggi o‘n yil davomida pensiya miqdori 3,3 baravar oshirilgan.
Shu bilan birga, o‘rtacha pensiyaning o‘rtacha ish haqiga nisbati, ya’ni qoplash koeffitsiyenti O‘zbekistonda 23 foizga teng. Xalqaro me’yor 40 foiz, Yevropa mamlakatlaridagi ko‘rsatkich esa o‘rtacha 60 foiz ekani qayd etilgan.
Pensiya hisoblash davri 20 yilgacha kengaytiriladi
Hozir pensiya fuqaroning oxirgi o‘n yillik mehnat faoliyatidagi ketma-ket besh yillik ish haqi asosida hisoblanadi. Bu tartib pensiyaga chiqishdan oldingi davrda kamroq maosh olgan fuqarolarning pensiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Yangi taklifda hisob-kitob qilinadigan davrni besh yildan 20 yilgacha kengaytirish ko‘zda tutilgan. O‘tish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilib, hisobga olinadigan davrga har yili bittadan yil qo‘shib boriladi.
Pensiyani aniqlashda hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini ham oshirish taklif etilmoqda. Amaldagi 12 baravar miqdor, ya’ni 6 mln so‘mlik chegara 13 baravarga yoki 6,6 mln so‘mga yetkazilishi mumkin.
Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu o‘zgarish har yili yangi pensiya tayinlanadigan 25–30 ming fuqaroning daromadiga ta’sir qiladi. Ularning oylik pensiyasi o‘rtacha 277 ming so‘mga yoki qariyb 8 foizga oshishi mumkin. Buning uchun yiliga qo‘shimcha 110 mlrd so‘m yo‘naltirish talab etiladi.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi yangilanadi
Amaldagi jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida badal miqdori ish haqining atigi 0,1 foizini tashkil qiladi. Masalan, oyiga o‘rtacha 7 mln so‘m maosh oladigan fuqaro 20 yil ichida taxminan 5 mln so‘m jamg‘arishi mumkin.
Jamg‘armalarning yillik daromadliligi qariyb 10 foiz bo‘lib, bank omonatlaridagi 18–20 foizlik stavkalardan ancha past. Shu sababli aholining ushbu tizim orqali qo‘shimcha mablag‘ to‘plashga qiziqishi yetarli darajada emas.
Taklifga ko‘ra, kam daromadli fuqarolar ixtiyoriy ravishda 5 foizlik badal to‘lasa, davlat uning 50 foizigacha bo‘lgan qismini qo‘shimcha ravishda moliyalashtirishi mumkin. Masalan, fuqaro 100 ming so‘m o‘tkazsa, davlat yana 50 ming so‘m qo‘shib berishi nazarda tutilmoqda.
Yuqori maosh oladigan xodimlar uchun ham rag‘batlantirish mexanizmi joriy qilinishi mumkin. Ish haqining 7,6 mln so‘mdan yuqori qismidan to‘langan mablag‘ning bir foizini ijtimoiy soliq hisobidan jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga qaytarish taklif etilgan. Bu ko‘rsatkichni 2033-yildan ikki foizga, 2040-yildan esa uch foizga oshirish rejalashtirilmoqda.
Jamg‘arib boriladigan pensiya hisoblarini Xalq bankidan Pensiya jamg‘armasiga o‘tkazish, yagona hisob va hisobot tizimini yaratish ham ko‘zda tutilgan. Fuqarolarga o‘z mablag‘larini qaysi yo‘nalishga investitsiya qilishni tanlash huquqi berilishi mumkin. Xususiy va korporativ pensiya jamg‘armalarini tashkil etishga oid qonun loyihasini esa 2027-yil yakunigacha ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Pensiya jamg‘armasi taqchilligi oshib bormoqda
Pensiya jamg‘armasining xarajatlari tushumdan yuqori bo‘lib, yuzaga kelayotgan taqchillik davlat budjeti transfertlari hisobidan qoplanmoqda. 2025-yilda jamg‘arma daromadlari 56,1 trln so‘m, xarajatlari 77,2 trln so‘mni tashkil etgan. Natijada 21,1 trln so‘mlik taqchillik yuzaga kelgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yilda daromadlar 64,7 trln so‘mga, xarajatlar 87,2 trln so‘mga yetishi va taqchillik 22,5 trln so‘mni tashkil qilishi mumkin. 2030-yilga kelib kamomad 27,2 trln so‘mga, 2040-yilda esa 90,6 trln so‘mga chiqishi mumkin edi.
Budjetdan ajratiladigan transfertlar ham oshib bormoqda. Ularning hajmi 2022-yildagi 11,1 trln so‘mdan 2025-yilda 20,2 trln so‘mga yetgan. 2040-yilda bu ko‘rsatkich 91 trln so‘mga chiqishi mumkin.
Aynan mana shu sababdan amalda oshirilayotgan pensiya islohotlari ushbu ko‘lamli taqchillikning oldini olish hamda pensiya tizimining uzoq muddatli barqarorligi va samarali ishlashini ta’minlashga qaratilgandir. Islohotlar doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar pensiya Jamg‘armasining moliyaviy mustaqilligini oshirish, tushumlar bazasini kengaytirish va tizim xarajatlarini muvozanatlashtirish imkonini beradi.
Eng kam ish staji 7 yildan 15 yilga oshirilishi mumkin

Hozir yoshga doir pensiya tayinlash uchun kamida yetti yil ish staji talab qilinadi. Yetarli stajga ega bo‘lmagan fuqarolarga pensiya yoshidan besh yil o‘tgach nafaqa tayinlanadi.
Yangi taklifda eng kam ish stajini yetti yildan 15 yilgacha oshirish nazarda tutilgan. O‘tish davri sakkiz yil davom etadi va talab har yili bir yilga ko‘paytirib boriladi. Vazirlik bu o‘zgarishni xalqaro amaliyotga yaqinlashish zarurati bilan izohlagan. Masalan, Turkiya va Rossiyada eng kam talab 15 yil, Belarusda esa 20 yilni tashkil etadi.
Erkaklar va ayollar uchun pensiya yoshi oshadi

Pensiya tizimini demografik o‘zgarishlarga moslashtirish doirasida pensiya yoshini ham bosqichma-bosqich oshirish taklif etilmoqda. 2027-yil 1-yanvardan umumiy pensiya yoshidan bir yil oldin pensiya tayinlash tartibini bekor qilish nazarda tutilgan.
2028-yil 1-yanvardan esa pensiya yoshi har yili uch oydan oshirib boriladi. Rejaga ko‘ra, 2039-yilga kelib pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetadi. O‘zgarishlarni kiritishda aholining umr ko‘rish davomiyligi oshib borayotgani hamda fuqarolarning pensiya tizimida ishtirok etish davri bilan pensiya olish muddati o‘rtasidagi mutanosiblikni ta’minlash zarurati asos sifatida ko‘rsatilgan.
Pensiya oluvchilarning aholi tarkibidagi ulushi 2025-yildagi 11,2 foizdan 2040-yilda 15 foizga yetishi mumkin. Bu paytga kelib pensionerlar soni 7,1 mln nafarga chiqishi prognoz qilingan.

Ish staji yetarli bo‘lmagan fuqarolar uchun nafaqa yoshi ham oshiriladi. Erkaklarda u 65 yoshdan 68 yoshga, ayollarda 60 yoshdan 63 yoshga yetkazilishi mumkin.
Pensiyaga belgilangan muddatdan kechroq chiqishni rag‘batlantirish ham rejalashtirilmoqda. Pensiyani olti oy kechiktirgan fuqaroning hisob-kitobida inobatga olinadigan eng yuqori ish haqi 6 mln so‘mdan 7,1 mln so‘mga, 12 oy kechiktirilganda esa 7,6 mln so‘mga oshiriladi. Bu mexanizm orqali pensiya miqdorini ko‘paytirish mumkin.
Ekspertlar qanday fikrda
Toshkent Kimyo xalqaro universitetining «Bank ishi va buxgalteriya hisobi» kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Fozil Dodiyevning fikricha, pensiya yoshining oshirilishi Pensiya jamg‘armasi moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Fuqarolar avvalgidan uch yil ko‘proq ishlasa, shu davr mobaynida ijtimoiy soliq va boshqa majburiy ajratmalarni to‘lashda davom etadi.
«Pensiya yoshining oshishi iqtisodiyotda tajribali mehnat resurslari ulushini ko‘paytiradi. Bu, ayniqsa, ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, tibbiyot va muhandislik kabi tajriba muhim bo‘lgan sohalar uchun foydali», — dedi ekspert.
Uning ta’kidlashicha, yoshi katta xodimlarning mehnat bozorida uzoqroq qolishi raqobatni kuchaytirishi mumkin. Shu bilan birga, ular yaratadigan qo‘shilgan qiymat yalpi ichki mahsulot hajmining o‘sishiga ham xizmat qiladi.
Iqtisodchi, iqtisod fanlari doktori To‘lqin Boboqulovning fikricha, Pensiya jamg‘armasidagi mablag‘ yetishmovchiligi pensiya yoshini oshirish masalasini kun tartibiga olib chiqmoqda. Biroq bunday qaror mehnat bozoriga qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin. Pensiya yoshidagi fuqarolarning ish faoliyatini davom ettirishi yangi ish o‘rinlarining bo‘shashini sekinlashtiradi va ayniqsa yoshlar o‘rtasida ishsizlik darajasi oshishiga olib kelishi ehtimoli bor.
Pensiya yoshini belgilashda faqat aholining o‘rtacha umr davomiyligiga tayanish yetarli emas — ekspert
Dodiyev pensiya yoshini belgilashda faqat aholining o‘rtacha umr davomiyligiga tayanish yetarli emasligini qayd etdi. Uning fikricha, inson pensiyaga chiqqanidan keyin yana qancha yil sog‘lom va iqtisodiy faol hayot kechira olishi ham asosiy mezonlardan biri bo‘lishi kerak. Bunda sog‘lom umr davomiyligi, 60–64 yoshdagi aholi bandligi, shuningdek, keksa yoshdagi fuqarolarning daromadi va ijtimoiy himoyalanganlik darajasi hisobga olinishi lozim.
Ekspert ushbu ko‘rsatkichlarni birlashtiruvchi «Keksalik va pensiya indeksi»ni ishlab chiqishni taklif qilmoqda. Uning hisob-kitobida kutilayotgan umr davomiyligi va sog‘lom umr davomiyligiga 30 foizdan, 60–64 yoshdagi bandlik darajasiga 25 foiz, keksalarning daromadi hamda ijtimoiy himoya holatiga esa 15 foiz ulush berilishi mumkin.
«Bunday indeks pensiya yoshini umumiy demografik ko‘rsatkichlar asosida emas, aholining real sog‘ligi va mehnat bozoridagi imkoniyatlarini hisobga olgan holda belgilashga yordam beradi», — dedi Dodiyev.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri yangi pensiya tizimida nimalar o‘zgarishi haqida yozgan edi.