«Boysun do‘ppisi» patentlandi

Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida an’anaviy usulda tayyorlanadigan «Boysun do‘ppisi» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
«Boysun do‘ppisi» – dumaloq shaklda tikiladigan va piltado‘zi uslubidagi kashtalar bilan bezatiladigan milliy bosh kiyim. Uning asosiy o‘ziga xos jihatlari naqshlari, ranglar uyg‘unligi va an’anaviy tikish usullari bilan bog‘liq.
Do‘ppida qanday naqshlar ishlatiladi
Boysun do‘ppilarida chilxol, chayongul, qo‘chqorshoxi, archa va ko‘zacha kabi an’anaviy naqshlardan foydalaniladi. Ularning bezaklari va tikilish uslubi mahsulotning aynan Boysun hududi hunarmandchiligi bilan bog‘liqligini aks ettiradi.
Geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi «Boysun do‘ppisi» nomi va uning hudud bilan bog‘liq o‘ziga xos xususiyatlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish imkonini beradi.
Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu maqom mahsulotning an’anaviy tayyorlash usullarini saqlash, Boysun hunarmandchiligi mahsulotlarini targ‘ib qilish hamda ularni ichki va xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun huquqiy asos yaratadi.
Geografik ko‘rsatkich mahsulotning sifati, obro‘si yoki boshqa xususiyatlari muayyan geografik hudud bilan bog‘liqligini ko‘rsatuvchi intellektual mulk obyektidir.
Avvalroq Farg‘ona viloyatining mashhur milliy non mahsulotlaridan biri bo‘lgan «Qo‘qon patiri» geografik ko‘rsatkich sifatida huquqiy himoyaga ega bo‘lgani haqida xabar berilgandi.