
Chevrolet Bolt 2027-yilgi North American Utility Vehicle of the Year mukofoti uchun kurashadigan 16 ta model qatoriga kirdi. Bu haqda GM Authority xabar berdi.
56 ta avtomobildan 25 tasi keyingi bosqichga o‘tdi
North American Car, Truck and Utility Vehicle of the Year hakamlar hay’ati 2027-yil uchun dastlab 56 ta yangi yoki sezilarli darajada yangilangan avtomobilni ko‘rib chiqdi. Ulardan 25 tasi Best of 2027 ro‘yxatiga kiritildi.
Utility vehicle toifasida 16 ta model qatnashmoqda. Chevrolet Bolt ushbu bosqichda BMW iX3, Kia EV3, Rivian R2, Volvo EX60, Jeep Recon va Toyota Highlander kabi avtomobillar bilan raqobatlashadi.

Tanlovda benzinli, gibrid, masofani uzaytiruvchi elektr tizimiga ega hamda to‘liq elektr avtomobillar ishtirok etmoqda.
Avtomobillar oktabrda sinovdan o‘tkaziladi
NACTOY hakamlar hay’ati oktabr oyida Michigan shtatida o‘tkaziladigan Ride & Drive tadbirida avtomobillarni amaliy sinovdan o‘tkazadi.
Baholashda innovatsiyalar, dizayn, xavfsizlik, boshqaruv xususiyatlari, texnologiyalar, haydovchi va foydalanuvchi tajribasi hamda avtomobilning narxiga nisbatan imkoniyatlari hisobga olinadi.

Finalchilar noyabrda aniqlanadi
Har bir toifadagi uch nafardan finalchi 19-noyabr kuni Los-Anjeles avtosalonida e’lon qilinadi. G‘oliblar esa 2027-yil 14-yanvar kuni Detroyt avtosalonida ma’lum bo‘ladi. Chevrolet Boltning hozirgi bosqichga chiqishi uning finalga yo‘l olishini kafolatlamaydi.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet bir avtomobiliga 35 mln so‘mgacha chegirma e’lon qilgani haqida yozgan edi.