Meta Instagram, Facebook va WhatsApp uchun SI obunasini ishga tushirdi

Meta Platforms Instagram, Facebook va WhatsApp foydalanuvchilari uchun kengaytirilgan sun’iy intellekt imkoniyatlarini o‘z ichiga olgan Meta One obuna xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda Oninvest nashri xabar bermoqda.
Meta ma’lumotiga ko‘ra, ayrim mahsulotlar uchun obuna narxi oyiga $2,99 dan boshlanadi. Kontent yaratuvchilar va biznes vakillari uchun mo‘ljallangan paket esa oyiga $14,99 turadi. Shu bilan birga, ilovalarning asosiy funksiyalari hamda Meta AI’dan foydalanish bepul bo‘lib qoladi.
Meta One’ga 15 mln foydalanuvchi qiziqish bildirgan
Kompaniya xizmatni bosqichma-bosqich ishga tushirmoqda. Meta ma’lumotiga ko‘ra, pulli obuna va sinov tariqasida ulanishlar soni allaqachon 15 mln ga yetgan.
Kelgusida Meta One imkoniyatlarini Edits ilovasi hamda kompaniyaning AI-ko‘zoynaklariga ham kengaytirish rejalashtirilgan.
Reuters yozishicha, Meta yangi obuna orqali raqamli reklamadan tashqari daromad manbalarini ko‘paytirish va milliardlab foydalanuvchilardan iborat auditoriyasini qo‘shimcha ravishda monetizatsiya qilishni maqsad qilgan.
Kompaniya SI mahsulotlarini kengaytirmoqda
Meta sentabr boshida kundalik vazifalarni avtomatlashtirishga mo‘ljallangan Muse AI-agentini taqdim etgan edi. Avgust oyida esa kompaniya ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga doir qator sud da’volarini kelishuv orqali yakunladi.
Analitiklar ushbu omillar Meta aksiyalariga qo‘shimcha turtki berishi mumkinligini qayd etmoqda.
Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Meta aksiyalari avgustdagi eng past darajadan buyon 22 foizga o‘sgan. 15-sentabr savdolarida qimmatli qog‘ozlar sessiyani 0,7 foizlik o‘sish bilan yakunlagan.
Analitiklar yangi mahsulotlardan qo‘shimcha foyda kutmoqda
Morgan Stanley tahlilchisi Brayan Novakning fikricha, Meta kelgusida yangi SI mahsulotlarni chiqarishda davom etsa, ular kompaniyaning bir aksiyaga to‘g‘ri keladigan foydasiga jami $10 dan ortiq qo‘shimcha hissa qo‘shishi mumkin.
Biroq barcha ekspertlar ham aksiyalardagi o‘sish uzoq davom etishiga ishonmayapti. Hyphen Wealth Management investitsiyalar bo‘yicha direktori Sayrus Aminining ta’kidlashicha, sun’iy intellektni rivojlantirish uchun katta xarajatlar kompaniya uchun jiddiy xavf bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Meta eng kuchli AI modeli Muse Spark 1.3’ni taqdim etgani haqida yozgan edi.