«Neftchi» Chempionlar ligasidagi g‘alabasi ortidan qancha pul ishlab oldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
«Neftchi» «Al-Quva Al-Javiya» jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi
Foto: FC Neftchi

Farg‘onaning «Neftchi» klubi Osiyo Chempionlar ligasi Elit 2026/27 mavsumidagi ilk uchrashuvida Iroqning «Al-Quva Al-Javiya» jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. G‘alaba klubga $100 ming mukofot puli olib keldi. Turnirning asosiy bosqichida ishtirok etgani uchun beriladigan $800 ming bilan hisoblaganda, «Neftchi»ning musobaqadagi daromadi kamida $900 mingga yetdi. Bu haqda OFK xabar berdi. 

«Neftchi» bir o‘yinda $100 ming ishlab oldi

«Neftchi»ning Iroq klubiga qarshi g‘alabasi 83-daqiqada kiritilgan gol evaziga ta’minlandi. Serbiyalik hujumchi Zoran Marushich Koffi Kouaoning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pini bosh bilan darvozaga yo‘llab, farg‘onaliklarga uch ochko olib berdi.

Foto: FC Neftchi

AFC Champions League Elite’da asosiy bosqichda qatnashgan klublarga $800 ming miqdorida mukofot puli beriladi. Har bir g‘alaba uchun esa qo‘shimcha $100 ming to‘lanadi. Shu sababli «Neftchi»ning dastlabki uchrashuvdan keyingi mukofot puli $900 mingni tashkil etadi.

«Neftchi»ning g‘alaba goli 83-daqiqada urildi

«Istiqlol» stadionida kechgan bahsda «Neftchi» dastlabki daqiqalardan tashabbusni o‘z qo‘liga oldi. Mezbonlar birinchi bo‘lim davomida bir nechta xavfli vaziyatlar yaratdi, biroq hisobni ochishning uddasidan chiqa olmadi.

Foto: FC Neftchi

12-daqiqada Yan Sasse jarima maydoni tashqarisidan zarba yo‘lladi. Keyingi vaziyatlarda Abror Ismoilov va Ikromjon Aliboyev ham gol urishga yaqin keldi.

35-daqiqada Stipe Peritsa burchakdan uzatilgan to‘pga bosh bilan zarba berdi, ammo to‘p darvozaning yuqori o‘ng burchagidan o‘tib ketdi.

Iroq klubi darvozaboni ko‘plab zarbalarni qaytardi

Ikkinchi bo‘limda ham «Neftchi» hujumlarni davom ettirdi. 50-daqiqada Alisher Odilov Koffi Kouaoning o‘ng qanotdan uzatgan to‘piga yetib borib zarba berdi, biroq to‘p darvoza ustidan o‘tib ketdi.

61-daqiqada «Al-Quva Al-Javiya» darvozaboni Muhammad Solih uzoq masofadan yo‘llangan Ratinyoning zarbasini qaytardi. Oradan bir necha soniya o‘tib, u Peritsaning sakkiz metr masofadan bergan bosh bilan zarbasini ham bartaraf etdi.

Ammo 83-daqiqada Koffi Kouao o‘ng qanotdan to‘pni jarima maydoniga uzatdi. Zoran Marushich bosh bilan zarba berib, hisobni 1:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Foto: FC Neftchi

Shu tariqa Islom Ismoilov boshchiligidagi «Neftchi» Osiyo Chempionlar ligasi Elitdagi yurishini g‘alaba bilan boshladi va dastlabki bahsdayoq $900 minglik mukofot jamg‘arib oldi.

Avvalroq «Paxtakor» «Al-Ahli» bilan uchrashuvda so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqargani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek