Stomatologiya talabalari uchun poliklinikalar biriktiriladi

Stomatologiya yo‘nalishidagi talabalar amaliy mashg‘ulotlarini yaxshilash uchun tibbiyot oliygohlariga stomatologiya poliklinikalari biriktirib beriladi. Bu haqda 2026-yil 10-sentabrda qabul qilingan Prezident farmonida belgilangan.
«5+1» shaklidagi yangi ta’lim tizimi joriy etiladi
2027/2028 o‘quv yilidan davolash ishi yo‘nalishi asosida «5+1» shaklidagi 6 yillik umumiy tibbiyot bakalavriati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda talabalar besh yil nazariy va amaliy ta’lim oladi, bitiruvchi bosqichda esa bir yil davomida to‘liq amaliyot o‘taydi.
Umumiy tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilari umumiy amaliyot shifokori malakasiga ega bo‘ladi va belgilangan tartibda oilaviy shifokor sifatida ishlashi mumkin.
Bitiruvchi kurs talabalari bir yil amaliyot o‘taydi
Farmonga ko‘ra, tibbiyot sohasidagi barcha bakalavriat yo‘nalishlarida bitiruvchi kurs talabalari uchun to‘liq o‘quv yili davomida amaliyot o‘tash tizimi joriy etiladi.
Hozir davolash ishi yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ham o‘quv jarayoni yangi moslashtirilgan reja va dasturlar asosida tashkil etiladi.
Shuningdek, o‘qing: 2030-yildan tibbiyot xodimlari ro‘yxatdan o‘tadi
Qabul hududlardagi ehtiyojga qarab belgilanadi
2027/2028 o‘quv yilidan tibbiyot yo‘nalishlariga davlat buyurtmasi parametrlarini Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydi.
Qabul ko‘rsatkichlari hududlar va tibbiyot tashkilotlarining ehtiyoji, shuningdek, qaysi mutaxassisliklarda kadrlar yetishmayotganiga qarab shakllantiriladi.
Tibbiyot va farmatsevtika kadrlari bo‘yicha joriy hamda istiqboldagi ehtiyojni o‘rganishda Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi asosiy ishchi organ bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oliy ma’lumotli hamshira va tibbiyot og‘alariga ustama to‘lanishi ma’lum qilingandi.