Tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish bekor qilinadi

O‘zbekistonda 2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti bekor qilinadi. Shu bilan birga, kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tish majburiy bo‘ladi.
Yangi tartibga ko‘ra, tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslarga besh yil muddatga beriladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tish majburiy bo‘ladi
2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan kasbiy faoliyat yuritishi taqiqlanadi. Amaldagi xodimlar maxsus imtihon asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Agar xodim imtihondan o‘ta olmasa, u bir yil muddatga vaqtincha davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Shu davrda ishlashda davom etishi mumkin, biroq bir yil ichida imtihonni qayta topshirishi kerak bo‘ladi.
Malaka toifalari bekor qilinadi
2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga malaka toifasi berish amaliyoti tugatiladi.
Biroq 2030-yilgacha berilgan malaka toifalari ularning amal qilish muddati tugaguncha saqlanadi. Shu davr mobaynida ularga bog‘liq ustamalar va lavozim bo‘yicha huquqlar ham amal qiladi.
Uch yil ishlamagan xodim qayta tayyorgarlikdan o‘tadi
Davlat ro‘yxatidan o‘tgandan keyin o‘z mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq uzluksiz ishlamagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kasbiy faoliyatini darhol davom ettira olmaydi.
Ular avval ixtisoslashuv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlashi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha qayta davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotgan mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yil ish stajiga va ilmiy darajaga ega tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari maxsus imtihonsiz ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, 2027/2028 o‘quv yilidan o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimida ham qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi.