Toshkent avtobuslari ham yo‘lovchi soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi

15-sentabr kuni Toshkent shahar avtobuslarida yo‘lovchi tashish bo‘yicha rekord ko‘rsatkich qayd etildi. Bir sutkada 1 mln 520 ming 113 nafar yo‘lovchi avtobuslardan foydalangan. Bu haqda Toshkent shahar jamoat transporti tizimi ma’lum qildi.
Bir kunda 1,5 mln dan ortiq yo‘lovchilar
15-sentabr kuni poytaxt avtobuslarida xizmat ko‘rsatilgan yo‘lovchilar soni 1,52 mln nafardan oshdi. Bu avtobuslarda qayd etilgan eng yuqori kunlik yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichidir.
Mutasaddilar jamoat transportidan foydalanish shahar ko‘chalaridagi tirbandlikni kamaytirish, vaqtni tejash va atrof-muhitga tushadigan yuklamani pasaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Ta’kidlash joiz, 14-sentabr kuni Toshkent metrosida ham rekord natija qayd etilgandi. Shu kuni Toshkent metropoliteni xizmatlaridan 1 mln 166 ming yo‘lovchi foydalandi. Bu metro tarixidagi kunlik yo‘lovchi tashish bo‘yicha navbatdagi rekord ko‘rsatkich bo‘lgan.
Avvalroq Toshkentda avtobus va metro uchun bir martalik elektron yo‘lkira narxini 1 700 so‘mdan 2 500 so‘mga oshirish taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.