Uzum 600 mlrd so‘mlik obligatsiyalar joylashtirdi va ilk dollar obligatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazdi

eʼlon qilindi
Kompaniya xususiy korporativ emitentlar orasida yetakchiga aylandi
Foto: Uzum

Uzum Toshkent fond birjasida 600 mlrd so‘mlik beshinchi korporativ obligatsiyalar chiqarilishini muvaffaqiyatli joylashtirdi. Shuningdek, kompaniyaning $50 mlnlik ilk dollar obligatsiyalari ham ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Beshinchi obligatsiyalar chiqarilishining kupon daromadliligi 18 foizni tashkil etdi. Shu bilan Uzum mahalliy fond bozorida jami 2,1 trln so‘mlik obligatsiyalar joylashtirgan.

Uzum xususiy korporativ emitentlar orasida yetakchiga aylandi

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, beshta chiqarilish natijasida Uzum O‘zbekistondagi eng yirik xususiy korporativ obligatsiya emitentiga aylandi.

Jalb qilingan mablag‘lar ekotizimning fintech yo‘nalishini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Uzum moliyaviy direktori Nikita Gulyayevning ta’kidlashicha, obligatsiyalar kompaniya uchun bir martalik moliyalashtirish vositasi emas, balki uzoq muddatli bozor moliyalashtirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2,1 trln so‘mlik jalb qilingan mablag‘larning qariyb 60 foizi norezidentlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

$50 mlnlik dollar obligatsiyalari chiqariladi

15-sentabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Uzumning oltinchi korporativ obligatsiyalar chiqarilishini ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Uning hajmi $50 mln, kupon daromadliligi esa 8,5 foizni tashkil etadi. Anderrayter sifatida Alkes ishtirok etmoqda.

Kompaniya dollar obligatsiyalarini asosan norezident investorlar orasida joylashtirishni rejalashtirmoqda.

Korporativ obligatsiyalar bozori o‘smoqda

«Toshkent» respublika fond birjasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda korporativ obligatsiyalar savdosi hajmi 1,7 trln so‘mga yetgan.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarim yilligidayoq chiqarilgan korporativ obligatsiyalar umumiy hajmi 7 trln so‘mdan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uzum logistika infratuzilmasiga 500 mln dollardan ortiq sarmoya kiritgani ma’lum qilingandi.

Shuningdek