AQSh harbiylari Oy atrofida jangga tayyorlanishi kerak

AQSh Qurolli kuchlari nafaqat Yer orbitasida, balki Oy atrofidagi hududda ham ehtimoliy jangovar harakatlarga tayyorlanishi kerak. Bu haqda AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn ma’lum qildi.
AQSh harbiylari Oy tomon kengaymoqda
Keynning aytishicha, AQSh armiyasi kelajakdagi urush sharoitlariga moslashishi va «dengiz tubidan Oygacha bo‘lgan hududda» jang qilish, chidash va g‘alaba qozonishga tayyor bo‘lishi kerak.
Bu bayonot Merilend shtatida o‘tkazilgan Havo, kosmik va kibertexnologiyalar konferensiyasida yangragan.
AQSh Kosmik kuchlari jangovar kuchlar qo‘mondoni general-leytenant Gregori Ganyon esa insoniyat kosmosga tobora chuqurroq kirib borayotganini va AQSh manfaatlarini himoya qilish uchun harbiylar bunga tayyorlanishi kerakligini aytdi.
AQSh kosmosda qurol joylashtirganini ma’lum qildi
AQSh harbiylarining Oygacha bo‘lgan hududda ehtimoliy janglarga tayyorgarligi haqidagi bayonot mamlakat kosmosda qurol joylashtirgani ilk bor ochiq tan olinganidan bir necha kun o‘tib yangradi.
AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meynk konferensiyada orbitada kosmik nazorat qurollari joylashtirilganini ma’lum qilgan.
Kosmik kuchlar vakillarining ta’kidlashicha, AQShning ehtimoliy raqiblari ham harbiy faoliyatni kosmosga kengaytirishga intilmoqda. Ganyon bu borada Xitoyni alohida tilga oldi.
Xitoy esa AQShning kosmosdagi harbiy salohiyatini kuchaytirishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanishni qo‘llab-quvvatlashini va uning qurollantirilishi hamda harbiylashtirilishiga qarshi ekanini ma’lum qildi.
Oyda harbiy harakatlar xalqaro huquqqa zid bo‘lishi mumkin
AQSh va Xitoy qo‘shilgan 1967-yilgi Kosmos shartnomasida Oy va boshqa osmon jismlari faqat tinch maqsadlarda foydalanilishi belgilangan. Hujjat osmon jismlarida harbiy bazalar va inshootlar tashkil etish, qurol sinovlarini o‘tkazish hamda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni taqiqlaydi.
Shu sababli AQSh harbiylarining Oy atrofidagi hududda jangovar harakatlarga tayyorgarligi xalqaro majburiyatlar nuqtayi nazaridan savollarni yuzaga keltirmoqda. AP xabariga ko‘ra, AQSh harbiylari vakillari kosmosda o‘q yoki boshqa snaryadlardan foydalanish bo‘yicha aniq siyosatni ochiqlamagan.
AQSh Kosmik kuchlari ikki baravar kengaytiriladi
Ganyonning ma’lum qilishicha, AQSh kelgusi besh yil ichida Kosmik kuchlar tarkibini qariyb ikki baravarga oshirib, harbiy xizmatchilar sonini 25 ming nafargacha yetkazishni rejalashtirmoqda.
Rejalashtirilgan o‘sishning qariyb uchdan ikki qismi jangovar kuchlar qo‘mondonligiga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
Avvalroq AQSh Harbiy-havo kuchlari vaziri Troy Meink mamlakat Kosmik kuchlari orbitada «kosmik nazorat qurollari»ga ega ekanini ma’lum qilgandi.