Elektrotexnika korxonalariga 5 mln dollargacha imtiyozli kredit beriladi

eʼlon qilindi
Kreditlar 6 foiz stavkada ajratiladi
Elektrotexnika korxonalariga 5 mln dollargacha imtiyozli kredit beriladi
Foto: iStock

O‘zbekistonda 2026-yil 1-oktabrdan elektrotexnika sanoati korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Korxonalar aylanma mablag‘lar uchun $5 mln gacha kredit olishi, mis xomashyosini xarid qilishda esa to‘lovning 75 foizini kechiktirib to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Kreditlar 6 foiz stavkada ajratiladi

Qarorga ko‘ra, elektrotexnika sanoati korxonalariga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun tijorat banklari orqali ikki yilgacha muddatga kreditlar ajratiladi.

Kreditlar uch oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz stavkada beriladi. Shundan 2 foizi bank marjasini tashkil etadi. Bitta tadbirkor uchun kredit miqdori $5 mln’dan oshmaydi.

Kreditning 50 foizigacha bo‘lgan qismiga, biroq 20 mlrd so‘m ekvivalentidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda «Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi» kafillik beradi.

Qolgan qismi uchun korxona likvid mol-mulk, sug‘urta polisi, eksport shartnomasi yoki boshqa turdagi ta’minot taqdim etishi mumkin.

Mis xaridi uchun $40 mln ajratiladi

Qaror bilan mis xomashyosini birja savdolari orqali xarid qilish bo‘yicha ham yangi hisob-kitob mexanizmi joriy qilinadi.

«Savdoni rivojlantirish kompaniyasi» tomonidan «O‘zsanoateksport» AJga to‘g‘ridan to‘g‘ri $40 mln ajratiladi.

Korxona mis xomashyosi xaridining 25 foizini o‘zi to‘laydi. Qolgan 75 foiz to‘lovni esa «O‘zsanoateksport» uch kun ichida amalga oshiradi.

Bunda bitta tadbirkorlik subyektining «O‘zsanoateksport» oldidagi qarzdorligi $3 mln’dan oshmasligi kerak.

75 foizlik to‘lov 90 kunda qaytariladi

«O‘zsanoateksport» tomonidan qoplab berilgan 75 foizlik mablag‘ korxona tomonidan 90 kun ichida qaytarilishi kerak.

Ushbu davr davomida har bir kun uchun yillik 6 foiz stavkada foiz hisoblanadi. Korxona o‘z majburiyatini ta’minlash uchun sug‘urta polisi taqdim etadi.

Avvalroq «Kursiv» tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanishi haqida yozgan edi.

Shuningdek