Elektrotexnika loyihalariga kredit foizlari 3 yilgacha kompensatsiya qilinadi

O‘zbekistonda 2026 – 2028-yillarda elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalari uchun ajratiladigan kreditlarning foiz xarajatlari qisman qoplab beriladi. Shuningdek, kamida $50 mln investitsiya kiritadigan yirik xalqaro investorlar uchun 10 yilgacha soliq imtiyozlari beriladi.
Yangi tartib elektrotexnika tarmog‘ida butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni kengaytirish, shuningdek, elektronika, robototexnika va boshqa yondosh sanoat yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan.
20 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kredit qismi kompensatsiya qilinadi
2026 – 2028-yillarda elektrotexnika sanoatidagi investitsiya loyihalariga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismi «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» tomonidan qoplanadi.
Kredit miqdoridan qat’i nazar, kompensatsiya uning 20 mlrd so‘m ekvivalentidan oshmagan qismiga nisbatan qo‘llanadi.
Milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan oshmasligi kerak. Bunda asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori bo‘lgan qism kompensatsiya qilinadi, biroq kompensatsiya miqdori 10 foiz punktdan oshmaydi.
Xorijiy valyutadagi kreditlarda esa 6 foizdan yuqori bo‘lgan foiz stavkasi qoplanadi. Bunda kompensatsiya 5 foiz punktdan ko‘p bo‘lmaydi.
Kompensatsiya «2+1» tamoyili asosida beriladi
Davlat tomonidan foiz xarajatlarini qoplash dastlabki ikki yil davomida amalga oshiriladi.
Agar korxonaning mahsulot yoki xizmatlarni sotishdan tushgan yillik tushumi avvalgi yilning mos davridagiga nisbatan kamida 15 foizga oshsa, kompensatsiya uchinchi yil uchun ham davom ettiriladi.
Mazkur tartib tadbirkorning barqarorlik reytingi yoki faoliyat yuritayotgan hudud toifasidan qat’i nazar, barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga tatbiq etiladi.
$50 mln investitsiya kiritadigan yirik kompaniyalarga imtiyoz beriladi
Elektrotexnika, elektronika va robototexnika sohalarida yirik xalqaro investorlarni jalb qilish uchun alohida shartlar joriy etiladi.
Bunda so‘nggi uch yil ichida «Forbes Global 2000» reytingiga va xalqaro yetkazib berish zanjirlariga kirgan, O‘zbekistonga kamida $50 mln investitsiya kiritadigan tayanch investorlar – Anchor Investor’lar nazarda tutilgan.
Investitsiya shartnomasida korxonaning uch yil ichida qo‘shilgan qiymatni 40 foizdan oshirishi hamda yillik foydaning kamida 3 foizini ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga yo‘naltirishi shart qilib belgilanadi.
Investorlar 10 yil ayrim soliqlardan ozod qilinadi
Bunday investorlar uchun maxsus iqtisodiy zonalarda «tayyor holda topshirish» modeli asosida ishlab chiqarish binolari ajratiladi.
Ular elektr, gaz, suv, tozalash inshootlari va temir yo‘l kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, investorlar 10 yil muddatga yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va foyda solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Avvalroq «Kursiv» tibbiyot xodimlariga 2027-yildan har oylik ustamalar to‘lanishi haqida yozgan edi.