Fitch Anor Bank reytingini «CCC+» darajasigacha pasaytirdi

Xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings Anor Bank’ning xorijiy va milliy valyutadagi uzoq muddatli reytinglarini «B-»dan «CCC+»gacha pasaytirdi. Bankning hayotiylik reytingi ham «b-»dan «ccc+»ga tushirildi. Bu haqda jurnalist Nikita Makarenko xabar berdi.
Bank kapitali keskin zaiflashgan
Fitch qarorni Anor Bank’ning IFRS standartlari bo‘yicha asosiy kapitali sezilarli darajada qisqargani bilan izohladi. Agentlik, shuningdek, bankning so‘nggi to‘rt yil davomida kapital zaxiralari cheklangan sharoitda biznesni tez sur’atlarda kengaytirganini qayd etdi.
Fitch Core Capital (FCC) ko‘rsatkichi 2025-yil oxirida 0,9 foizni tashkil etgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 4,3 foiz edi. Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, bu agentlik reyting bergan banklar orasidagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, Anor Bank’ning tartibga solinadigan Tier 1 kapital koeffitsiyenti 2025-yil yakunida 10,4 foiz bo‘lgan. Bu bank uchun belgilangan 10 foizlik minimal talabdan biroz yuqori.
Anor Bank kapitalini tiklash rejasini tasdiqlagan
Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, Anor Bank Kuzatuv kengashi 9-sentabr kuni 2026-yil oxirigacha bank kapitalini tiklashga qaratilgan choralar rejasini tasdiqlagan.
Rejaga aksiyador tomonidan bank kapitaliga 100 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ kiritish va nomoddiy aktivlarni sotish kiradi. Fitch ushbu choralar amalga oshirilsa, bankning FCC ko‘rsatkichi 2026-yil oxiriga kelib qariyb 5 foizgacha oshishini kutmoqda.
Kreditlar hajmi bir yilda 50 foizga oshgan
Agentlik Anor Bank’ning risk profilini yuqori deb baholagan. Bank kredit portfeli 2025-yilda 50 foizga, so‘nggi to‘rt yil ichida esa 10 baravardan ko‘proqqa oshgan.
Shu bilan birga, muammoli kreditlar ulushi 2025-yil oxirida 5 foizga yetgan. 2024-yil yakunida bu ko‘rsatkich 3 foiz edi. Ikkinchi bosqichdagi kreditlar ulushi ham bir yil ichida 4 foizdan 9 foizgacha oshgan.
Fitch Anor Bank’ning «CCC+» darajasidagi reytingi bankning mustaqil kredit qobiliyatini aks ettirishini bildirdi. Agentlik bankning likvidlik holati 2026-yilning birinchi yarmi yakunida yetarli bo‘lganini ham qayd etdi.
Avvalroq xalqaro reyting agentligi Fitch Ratings Uzbekistan Airports’ning uzoq muddatli kredit reytingini «BB» darajasida tasdiqlab, prognozni «Barqaror»dan «Ijobiy»ga o‘zgartirgandi.