Meksikada futbol vaqtida qurolli hujum bo‘ldi: bir kishi halok bo‘ldi

Meksikaning Guanaxuato shtatidagi San-Fransisko-del-Rinkon shahrida futbol uchrashuvi vaqtida qurolli hujum sodir bo‘ldi. Hodisada bir kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi jarohatlangan. Bu haqda La Jornada xabar berdi.
Hujum mototsikldagi shaxslar tomonidan amalga oshirilgan
Hodisa 13-sentabr kuni soat 14:00 atrofida Barrio-de-Gvadalupe mahallasidagi futbol maydonlarida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda gumon qilinayotgan shaxslar mototsiklda harakatlangan.
O‘qotar quroldan yaralangan yetti kishi shifoxonaga olib ketilgan. Ulardan biri tibbiy yordam ko‘rsatilayotgan vaqtda vafot etgan. Guanaxuato shtati Bosh prokuraturasi marhumning ismini Julio deb ma’lum qilgan.
Avval ham futbol uchrashuvi vaqtida hujum sodir bo‘lgan
Guanaxuatoda futbol maydonlarida sodir bo‘lgan bunday hujum birinchi marta emas. 25-yanvar kuni Salamanka munitsipalitetining Loma-de-Flores hududida futbol uchrashuvi vaqtida sodir etilgan hujum oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan, 12 kishi jarohatlangan.
Shuningdek, shtat prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda Leon, Irapuato, Salamanka, Valle-de-Santyago va Apaseo-el-Alto munitsipalitetlarida jami sakkiz kishi o‘ldirilgan.
Avvalroq AQShning Minnesota shtati Minneapolis shahrida yuz bergan otishmada uch kishi (ikki kishi va gumonlanuvchi) halok bo‘lgandi.