O‘zbekiston parashaxmat Olimpiadasida ilk medalini qo‘lga kiritdi

Samarqandda o‘tkazilgan parashaxmat bo‘yicha 3-Olimpiada yakunlandi. Musobaqaning so‘nggi turidagi g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi ilk bor Olimpiada bronza medaliga ega chiqdi.
O‘zbekiston-1 Isroilni mag‘lub etdi
Olimpiadaning so‘nggi – 7-turida O‘zbekistonning asosiy tarkibi hisoblangan O‘zbekiston-1 jamoasi Isroil terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi.
O‘zbekistonlik shaxmatchilar uchrashuvni 2,5:1,5 hisobida o‘z foydasiga hal qildi. Ushbu natijadan keyin jamoa hisobidagi ochkolar 11 taga yetdi va O‘zbekiston umumiy reytingda uchinchi o‘rinni egalladi.
Polsha oltin, Kuba kumush medalni oldi
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Polsha terma jamoasi Olimpiada g‘olibiga aylandi. Kuba jamoasi ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston esa bronza medal bilan uchinchi o‘rindan joy oldi.
Samarqanddagi Olimpiadada 41 ta jamoa qatnashdi
FIDE shafeligida tashkil qilingan musobaqada dunyoning 36 davlatidan 41 ta jamoa ishtirok etdi. Jami 164 nafar shaxmatchi Olimpiada g‘olibligi uchun bahslashdi. Mezbon O‘zbekiston turnirda uchta alohida jamoa bilan qatnashdi.
Qayd etish joizki, bronza medali O‘zbekiston parashaxmati tarixida Olimpiada doirasida qo‘lga kiritilgan ilk sovrin bo‘ldi.
Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, Samarqand mezbonlik qilgan 3-parashaxmat Olimpiadasi ishtirokchi davlatlar, jamoalar soni va umumiy qamrov bo‘yicha musobaqa tarixidagi eng yirik turnirga aylandi.
Avvalroq Samarqandda start olgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining dastlabki turida O‘zbekistonning oltita milliy jamoasi ham raqiblarini mag‘lub etgani haqida xabar berilgandi.