Qozog‘istonda tuya sabab ikki Toyota to‘qnashdi: 4 kishi halok bo‘ldi

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida tuya bilan to‘qnashuv ortidan ikki Toyota Camry ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Hodisada to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jarohatlangan. Bu haqda Mang‘istov viloyati politsiya departamenti xabar berdi.
Mashina qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan
Hodisa «Aktau – Beyneu» avtomobil yo‘lida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Jetibay qishlog‘idan Shetpe qishlog‘i tomon harakatlangan Toyota Camry yo‘lga chiqib qolgan tuyani urib yuborgan.
Shundan so‘ng avtomobil qarama-qarshi harakatlanish yo‘liga chiqib ketgan va ro‘paradan kelayotgan boshqa Toyota Camry bilan to‘qnashgan.
To‘rt kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana to‘rt nafar jabrlanuvchi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Uch jabrlanuvchining holati ma’lum qilindi
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1986-yilda tug‘ilgan bemorda bosh miya o‘choqli jarohati, 2004-yilda tug‘ilgan bemorda esa ko‘plab tan jarohatlari aniqlangan. Har ikki bemor reanimatsiyada, ahvoli og‘ir.
1996-yilda tug‘ilgan yana bir jabrlanuvchi ko‘plab tan jarohatlari bilan travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Uning holati barqaror ekani aytilgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Politsiya YTH yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Avtomobillar maxsus turargohga joylashtirilgan, zarur ekspertizalar tayinlangan.
Hozirda YTHning barcha holatlari, jumladan, yo‘lda bo‘lgan tuyaning egasi kim ekani ham aniqlanmoqda.
Avvalroq Qozog‘istonning Qizilo‘rda viloyatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadlari mamlakatga olib kelingandi.