Singapurda endi kitob o‘qiganlarga pul to‘lanadi

eʼlon qilindi
Singapur hukumati fuqarolarni kuniga kamida 15 daqiqa kitob o‘qishga undash uchun yangi dastur ishga tushirdi
Foto: The Guardian

Singapur hukumati fuqarolarni kuniga kamida 15 daqiqa kitob o‘qishga undash uchun yangi dastur ishga tushirdi. Unda ishtirokchilar muntazam kitob o‘qiganliklari uchun virtual tangalar yig‘ib, ularni pulga almashtirishi mumkin. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

15 daqiqa kitob uchun qancha pul beriladi

Dastur sentabr oyida ishga tushirilgan. Unda bir kun davomida kamida 15 daqiqa kitob o‘qigan odamga 20 ta virtual tanga beriladi.

Bir kunda faqat bitta o‘qish seansini hisobga olish mumkin. 1 mingta virtual tanga to‘plagan ishtirokchi 1 Singapur dollari oladi. Buning uchun 50 kun davomida kuniga 15 daqiqadan kitob o‘qish kerak.

Singapur Milliy kutubxona kengashi rahbari Melissa Tamning aytishicha, o‘qish odatini shakllantirish kichik va muntazam qadamlardan boshlanadi.

Uning fikricha, odamlar bugun istalgan vaqtda yuzlab sarlavhalarni ko‘rishi, video tomosha qilishi yoki deyarli har qanday mavzuning qisqa mazmunini topishi mumkin. Shu sababli dastur avvaliga kuniga atigi 15 daqiqa o‘qish maqsadidan boshlanmoqda.

Maqsad — telefondan chalg‘itish

Dastur orqali Singapur hukumati aholining diqqatini jamlash, tanqidiy fikrlash va tasavvurini rivojlantirishni maqsad qilgan.

Bu tashabbus ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt davomida maqsadsiz kontent tomosha qilish, ya’ni «doomscrolling» muammosi kuchayib borayotgan bir paytda ishga tushirildi.

Singapur hukumati yoshlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni xavfsizroq qilish yo‘llarini ham ko‘rib chiqmoqda. Ular orasida kunlik foydalanish vaqtiga cheklov joriy etish imkoniyati ham bor.

Singapurda rag‘batlantirishning boshqa usullari ham bor

Mamlakat hukumati fuqarolarni sog‘lom turmush tarziga undash uchun moliyaviy rag‘batlardan avval ham foydalangan. Jumladan, piyoda yurishni rag‘batlantirish uchun supermarket vaucherlari, kunlik qadamlar bo‘yicha maqsadlarni bajarganlar uchun esa turli mukofotlar berilgan.

Qizig‘i, kitob o‘qishga e’tibor kuchaytirilayotganiga qaramay, Singapur 15 yoshli o‘quvchilari 2025-yilgi PISA tadqiqotida o‘qish savodxonligi bo‘yicha dunyo reytingida yuqori natija qayd etgan. Mamlakat o‘quvchilari ushbu yo‘nalishda Xitoy va Tayvandan ham yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.

Avvalroq Singapurda tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida oilalarga har bir farzand uchun qariyb 70 ming Singapur dollari, ya’ni $55 mingdan ortiq mablag‘ ajratilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek