Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

eʼlon qilindi
13 – 15 yoshdagilar uchun alohida akkauntlar taklif qilinmoqda
Yevropa Ittifoqi 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Foto: Pexels

Yevropa Ittifoqi 13 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Bu haqda Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen 16-sentabr kuni Strasburgda Yevropa Ittifoqining holati bo‘yicha yillik nutqida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlar bolalarni bolaligidan mahrum qilmoqda, yirik texnologik platformalar esa o‘z mahsulotlari bolalar uchun xavfsizligini isbotlashi kerak.

13 – 15 yoshdagilar uchun alohida akkauntlar taklif qilinmoqda

Rejaga ko‘ra, 13 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish to‘liq cheklanishi mumkin.

13 – 15 yoshli o‘smirlarga esa ota-onalar nazorati ostida «mini akkauntlar» ochishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Bunday profillarda ilovalardan foydalanish vaqtiga ham cheklovlar qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq Yevropa Komissiyasi huzuridagi ekspertlar guruhi ham 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar va o‘xshash raqamli xizmatlardan foydalanishni cheklashni tavsiya qilgan edi. Ekspertlar 13 – 15 yosh oralig‘ini ruhiy salomatlik bilan bog‘liq xavflarga, ayniqsa, sezgir davr sifatida qayd etgan.

Qonun hali kuchga kirgani yo‘q

Yevropa Komissiyasi tegishli rejani e’lon qilishi va keyinchalik qonun loyihasini taqdim qilishi kutilmoqda. Taklif kuchga kirishi uchun uni Yevropa Parlamenti hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ma’qullashi kerak.

Shuningdek, Komissiyaning Digital Fairness Act tashabbusi orqali cheksiz lenta, avtomatik video ijrosi, push-bildirishnomalar va foydalanuvchini platformada uzoqroq ushlab turishga qaratilgan boshqa mexanizmlar kabi «qaramlik keltirib chiqaruvchi» dizayn elementlarini tartibga solish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zolik jarayoni yana savol ostida qolgani haqida yozgan edi.

Shuningdek