Andijonda FVB boshlig‘i o‘rinbosari pora olayotganda ushlandi

Andijon viloyatining Shahrixon tumanida Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mansabdor shaxs MChJ vakilining ishonchiga kirib, umumiy ovqatlanish shoxobchasida kelgusida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmaslikni va’da qilgan.
Tekshiruvchilar kelgan taqdirda masalani hal qilib berishni aytgan
Shuningdek, u tekshiruvchilar kelgan taqdirda masalani tadbirkor foydasiga hal qilib berishini bildirgan.
Buning evaziga mansabdor shaxs 1,5 mln so‘m talab qilgan va ushbu pulni olayotgan vaqtida tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 210-moddasi – pora olish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xorazmda pensiyani oshirib berishni va’da qilgan hokim yordamchisi ushlangani haqida yozgan edi.