BMW bilan YPX inspektori o‘limiga sabab bo‘lgan yigit 2 yilga qamaldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
U jazoni to‘liq o‘tashiga yana 1 yil 9 oy muddat qolgan
Foto: ekran surati

Toshkentning Mirobod tumanida BMW avtomobilida YPX inspektorini urib yuborgan va uning o‘limiga sabab bo‘lgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga sud hukmi bilan 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.

Sud hukmi e’lon qilindi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tumani sudida Turg‘unovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha yopiq sud majlisi yakunlandi. Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining xabar berishicha, 2010-yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Mazkur norma jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq.

Sud voyaga yetmagan sudlanuvchiga Jinoyat kodeksining 85-moddasi tartibida 2 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilagan.

Jazoni qachondan o‘tamoqda

Hukmga ko‘ra, jazo muddati Turg‘unovga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan 2026-yil 27-fevraldan boshlab hisoblanadi.

Shu sababli sud qarori e’lon qilingan vaqtda u jazoni to‘liq o‘tashiga yana 1 yil 9 oy muddat qolgan.

Sud raisi hukm mazmuni bilan birga taraflarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish hamda hukm ustidan shikoyat berish huquqini tushuntirgan.

Hodisa qanday yuz bergan

Voqea 2026-yil 25-fevral kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida sodir bo‘lgan. Voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov BMW avtomobilida yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan. Og‘ir tan jarohatlari olgan inspektor keyinchalik vafot etgan.

Dastlab Turg‘unovga Jinoyat kodeksining 267-moddasi – transport vositasini olib qochish hamda 104-moddaning 3-qismi «d» bandi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgandi. Keyinchalik transport vositasini olib qochish bilan bog‘liq modda ayblovdan chiqarilgan va ish sudga faqat 104-moddaning 3-qismi «d» bandi bo‘yicha yuborilgan.

Marhum inspektor «Jasorat» medali bilan taqdirlangan

Kichik serjant Hosilbek Eshnazarov vafotidan so‘ng prezident farmoniga muvofiq «Jasorat» medali bilan mukofotlangan. Shuningdek, uning oilasiga Toshkent shahridan uch xonali kvartira berilgan.

Avvalroq Sirdaryo daryosida noqonuniy baliq ovlash holatini aniqlash bo‘yicha tungi reyd vaqtida Ekologiya qo‘mitasi inspektori Mirzo Botirov halok bo‘lgandi.

Shuningdek